19:12 / 03.03.2016
6287

Ixtisoslashgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasining birinchi kuni yakunlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshchiligidagi Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tashabbusiga muvofiq tashkil etilgan “Ixtisoslashgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” 2016 yil 3 mart kuni soat 09:00da Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi “Kamolot Yoshlar ijodiyot saroyi” binosida ish boshladi.

Yarmarkaning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri A.Abduxakimov, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reablitatsiya markazi direktori M.Qodirov, direktor o‘rinbosari O.Qosimov, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sh.Turdiqulov, Toshkent shahridagi kasb-hunarga o‘qitish “KOICA” markazi direktori R.Ibragimovlar tabrik so‘zi bilan qatnashdi.

Shuningdek, tadbirning ochilish marosimida Respublika Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, Toshkent shahri hokimligi, Toshkent shahar prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Respublika markaziy banki, tijorat banklari, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati Respublika Kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va tumanlar hokimliklari vakillari ishtirok etishdi.

Kun yakunida olingan tezkor ma'lumotga ko‘ra, Toshkent shahrining muvoffaqiyatli faoliyat yuritayotgan 335 ta korxona va tashkilotlari o‘zlarining 5523 ta yaqin bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi. Taklif qilingan ish o‘rinlarining aksariyat qismida oylik ish haqi 700 ming so‘mdan ortiq bo‘lib, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha 1,3-1,5 mln. so‘mni tashkil etdi.

Tadbirga tashrif buyurgan 3350 nafardan ortiq ish qidirayotganlarning 3308 nafari - xorijda mehnat faoliyatida bo‘lib qaytganlarini, 22 nafari - odam savdosidan jabr ko‘rganlarni tashkil qildi.

Korxona va tashkilotlar tomonidan taklif qilingan bo‘sh (vaknt) ish o‘rinlariga 1690 ta murojaat qayd etildi va jami 487 nafar kishiga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Bugunning o‘zida 31 nafar ish qidiruvchi bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirildi.

Shu bilan birga, Kasbga-o‘qitish bo‘yicha 51 nafar fuqarodan murojatlar tushdi.

Bundan tashqari, tadbirda qatnashgan 32 ta tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan 31 nafar fuqaroning mikrokredit olish haqidagi murojaatlari qabul qilindi.

Tadbir 4 mart kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Top