16:35 / 03.03.2016
3511

Istanbul politsiyasi ikki terrorchi ayol yashiringan binoni shturm qildi

Istanbuldagi politsiya mahkamasiga hujum uyushtirgan ikki terrorchi ayol kirib yashiringan bino xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan shturm qilindi. Bu haqda RIA Novosti xabar bergan.

Biroz oldinroq bu ikki terrorchi Bayramposha tumanida joylashgan politsiya mahkamasi yonidan o‘tib ketayotgan politsiyachilar avtobusiga qarata ikkita granata uloqtirib, o‘t ochishgani haqida xabar qilingan edi.

Shundan so‘ng, ayollar darhol mashinaga minib, voqea joyini tark etishgan. Ular odamlar yashaydigan ko‘p qavatli uylarning biriga kirib, bekinishgan.

Avvaliga politsiya ularning izini yo‘qotgan, lekin ayollardan biri jarohatlangani va uning qo‘lidan qon oqqani tufayli ular yashiringan bino aniqlangan. Bino shu zahotiyoq politsiyachilar tomonidan o‘rab olingan.

Ro‘y bergan otishma davomida politsiyachilardan biri ham qo‘lidan jarohat olgan.

Amaliyot o‘tkazilayotgan tumanda o‘q va portlash ovozlari eshitilayotgani ta'kidlangan. Amaliyotga politsiyachilar vertolyoti ham jalb qilingan. Terrorchilar yashiringan binodan odamlar evakuatsiya qilingan. Amaliyot o‘tkazilayotgan tumanga kirish va chiqish yo‘llari yopib tashlangan, transport harakati to‘xtatilgan, politsiyachilar radiokarnaylar yordamida yarim soat davomida ayollarni taslim bo‘lishga chaqirgan. Ular javob qaytarishmagach, maxsus xizmat vakillari binoni shturm qilishni boshlagan.

Noma'lum ayollar Istanbulda politsiya mahkamasiga granatalar bilan hujum uyushtirishdi

Top