15:54 / 03.03.2016
17054

Kreml qotil-enaga haqida: Gap bir telba ayol haqida ketmoqda

Foto: RIA «Novosti»

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 29 fevral kuni Moskvada 4 yoshli qizcha qotilligida gumon qilinib qo‘lga olingan o‘zbekistonlik Gulchehra Boboqulova ishi bo‘yicha munosabat bildirdi. U gumonlanuvchi bir telba ekani va uning savollarga qaytarayotgan javoblari ham shunga yarasha qabul qilinishi haqda aytgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasida xabar berilishicha, 29 fevral kuni Moskva shahri “Oktyabrskoye pole” metrosi stansiyasida qo‘lida yosh bola boshini ushlab olgan ayol qo‘lga olindi.

Ma'lum bo‘lishicha, 1977 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Gulchehra Boboqulova Moskva shahridagi Narodnoye opolcheniye ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylarning birida istiqomat qiluvchi oilada enaga bo‘lib ishlagan. Taxminlarga ko‘ra, ayol qizchaning ota-onasi uydan chiqib ketishlarini kutgan va shundan so‘ng qizchani o‘ldirib, kvartiraga o‘t qo‘ygan va telbanamo ahvolda ko‘chaga chiqib ketgan. Yong‘in o‘chirilgach, qizaloqning boshsiz tanasi aniqlangan (ilk ekspertiza xulosalariga ko‘ra, qizaloq avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan va shundan so‘ng boshi tanasidan judo qilingan bo‘lishi ham mumkin).

Manbalarda aytilishicha, uning bu harakati radikal ekstremistlar tomonidan uyushtirilgan. Ayolning o‘zi bu ishni nega qilganini so‘rashganida "Alloh amri bilan" deya javob qaytargan.

Peskovning fikr bildirishicha, ayni vaqtda u bir telbaligi uchun, uning so‘zlariga qarab xulosa qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

"Bu ishni u amalga oshirgani ko‘rinib turibdi. Lekin u avvalo telba. Men balki xato qilayotgandirman, men tergovchi emasman, sud hakami ham emasman. Lekin menga shunday tuyulmoqdaki, undan foydalanishgan. U o‘ziga o‘rgatilgan gaplarni takrorlagan, Suriyada ham qizchalar o‘ldirilayotganiga javob sifatida bu ishni qilganini aytgan va Suriyaga IShID safiga borib qo‘shilish niyati haqida bildirgan", deydi matbuot kotibi.

Peskov shuningdek, bu fojiali voqea Rossiya davlat telekanallarida ko‘rsatilmaganini ma'qullagan.

Top