20:47 / 03.03.2016
9241

«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga rais tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 martdagi tegishli qaroriga asosan Rustamov Odilxon Boqiyevich «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi raisi etib tayinlangan. Shu munosabati bilan u Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi sayti xabar bergan.

O.Rustamov davlat soliq xizmati tizimida 1993 yildan beri turli lavozimlarda, 2001-2005 yillarda Toshkent shahar Chilonzor, Uchtepa tumanlari davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 2005-2009 yillarda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xorazm va Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmalari boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

U Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga esa 2009 yilning mart oyida tayinlangan edi.

Rustamov Odilxon Boqiyevichning davlat soliq xizmati organlaridagi samarali faoliyati davlatimiz tomonidan yuqori baholanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 27 avgustdagi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofoti «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Bundan oldinroq, O‘zbekiston prezidentining 18 fevraldagi qarori bilan Oziq-ovqat sanoati korxonalari assotsiatsiyasi tugatilib, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.

Top