17:47 / 03.03.2016
2159

"Tvente" professional klub sifatidagi maqomini yo‘qotishi mumkin

Futbol bo‘yicha Niderlandiya birinchiligida ishtirok etuvchi "Tvente" jamoasi rahbariyatning moliyaviy qing‘irliklarga yo‘l qo‘ygani uchun professional litsenziyasidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda Niderlandiya futbol ittifoqi (KNVB) rahbari Bert van Ostenga asoslanib, Dutch Football nashri xabar tarqatgan.

"Katta ehtimol bilan klub professionallik maqomini yo‘qotadi. Bu masalada bir qator muammolar yuzaga kelganki, ularni hal qilib bo‘lmadi", deydi van Osten.

Ma'lum qilinishicha, "Tvente" va Doyen Sports Investment jamg‘armasi o‘rtasida transferlar bo‘yicha kelishuv bo‘lgan va jamoa o‘z futbolchilarining sotuvidan tushgan puldan bir qismini (30 foiz) jamg‘armaga o‘tkazishi belgilangan.

Kelishuvga ko‘ra, jamg‘arma jamoaning transfer siyosatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan. Bu esa xalqaro qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi.

O‘tgan yilning noyabrida OAV orqali shu mavzuda mojarolar boshlangach, jamoa vitse-prezidenti Aldo van der Lan iste'foga chiqqandi. Jamg‘arma esa klub transfer siyosatiga ta'sir ko‘rsatmaganini iddao qilgan, lekin Niderlandiya qirolligi futbol ittifoqi bunga ishonch bildirmagan.

Enshed shahri sharafini himoya qiluvchi ushbu jamoa bundan oldinroq, 2015 yilning dekabrida transferlarda yo‘l qo‘yilgan qing‘irliklar tufayli 3 yilga yevrokuboklardan chetlatilgan va jarimaga tortilgandi.

Joriy mavsumda "Tvente" Erediviziyaning 25 turidan keyin 31 ochko to‘plagan holda 12-o‘rinni egallab turibdi.

Top