O‘zbekiston hududida dunyodagi eng murakkab tunnellardan birini qurish chog‘ida mehnatkashlar 3 mingdan ortiq qiyinchilik va muvaffaqiyatsizliklarga duch keldilar, deb yozmoqda "Jahon" axborot agentligi.
“Qamchiq” dovoni orqali o‘tgan Angren-Pop temir yo‘li hududidagi tunelning qurilish ishlari yakunlanishi munosabati bilan Xitoy gazetasi “Jenmin jibao” maxsus maqola chop etdi.
Maqolada asosiy e'tibor loyihaning murakkabligiga qaratilgan. Muammolarning biri qazish chog‘ida toshlarning tez-tez qulashi bo‘ldi. Xitoylik mutaxassislar tomonidan tunnel qazish paytida 3 mingdan ortiq shunday holatlar qayd etilgan. Tosh ko‘chishi paytida jabr ko‘rganlar haqida ma'lumot berilmagan.
Jarayonni og‘irlashtirgan holatlardan yana biri, tunnelning 7 xil geologik yoriq yo‘llardan olib borildi. O‘ta qiyin vaziyatlarda Xitoydan mutaxassislarni taklif etib, maslahat qilishga ham to‘g‘ri kelgan.
Barcha mashaqqatlarni yengib, 27 fevral kuni ikki tomondan bir-biri tomonga qarab tunnel qazib kelayotgan ikki yo‘nalishning “uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Ayni payt pardozlash-jihozlash ishlarining ham 85 foizi yakunlangan. Tez kunlarda relslar yotqizish va zarur aloqa vositalarini o‘rnatish ishlari boshlanadi.
Loyiha va muhandislik-qurilish ishlarining umumiy qiymati 455 million dollarni tashkil etdi.
Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan tunnel Angren-Pop temir yo‘lining muhim bo‘lagi hisoblanadi. U Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning markaziy hududlari bilan bog‘lashda xizmat qiladi. Tunnelning uzunligi – 19,2 km, dovon orqali o‘rnatilgan yo‘lning umumiy uzunligi esa 47 kmni tashkil etdi.