01:23 / 04.03.2016
5316

AQSh elchixonasi Rossiyaga 28 ta tarixiy hujjatni qaytarib berdi

AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Tefft rossiyalik arxivchilarga Rossiyada o‘g‘irlanib, AQShga olib chiqib ketilgan 28 ta tarixiy hujjatning Rossiyaga topshirilgani haqidagi bayonnomani topshirdi

Pyotr Birinchining 1715 yil 3 apreldagi Rossiyada harbiy xizmat o‘tayotgan xorijiy zobitlar ta'minotiga to‘lov haqidagi farmoni Rossiya davlat harbiy arxividan o‘g‘irlab ketilgan va nusxasi bilan almashtirib qo‘yilgan. U tasodifan AQShning Nevada shtatidagi xususiy galereyalardan birida topilgan.



"Bizning hamkasblarimizdan biri suratlar galereyasiga borganda u yerda bu hujjatni ko‘rgan, u mutaxassis bo‘lgani uchun darrov nimadir shubhali narsa borligini aniqlagan va biz bilan bog‘langan. Biz o‘z navbatida Rossiya madaniyat vazirligi bilan bog‘landik", deb aytmoqda AQSh ichki xavfsizligi vazirligi tergov xizmati attashesi Jyeyson Kessedi.

Shuningdek, Rossiya imperatritsasi Yelizavetaning sham ishlab chiqaruvchi Ivanovga maosh to‘lash haqidagi farmoni ham qaytarilgan hujjatlar orasida bor. Ortga qaytarilgan hujjatlar ro‘yxatida Anna Ioannovnadan boshlab Aleksandr Ikkinchigacha bo‘lgan Rossiyaning boshqa hukmdorlari farmonlari ham bor. Ularning barchasi Sankt-Peterburgdagi Rossiya davlat harbiy-tarixiy arxivida saqlangan. Ularni, taxminlarcha, o‘g‘ri-antikvar Vladimir Faynberg 1994 yilda xorijga olib chiqib ketgan.

Umumiy hisobda amerikalik mutaxassislarga bu 28 ta hujjatni yig‘ib, ularni Moskvaga olib kelish uchun deyarli o‘n yil ketgan, chunki bunday qimmatli hujjatlarni qidirish pichan g‘aramida igna qidirishdek gap hisoblanadi.

Top