11:04 / 04.03.2016
3897

Kongress Obamani IShIDni yo‘q qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganlikda ayblamoqda

AQSh Kongressida Barak Obamaga IShIDni yakson qilish uchun harbiy kuchlardan foydalanishga rasmiy ruxsat berish haqidagi bahs-munozaralar davom etmoqda, deb xabar beradi TASS.

3 mart kuni jurnalistlar guruhi uchun tashkil etilgan brifingda harbiy kuchlar masalalari bo‘yicha Kongress a'zolari palatasi komiteti raisi respublikachi Mek Tornberri: “Oq uyning terrorizmga qarshi kurashish masalasiga jiddiy qaramayotgani bu ruxsatga to‘sqinlik qilmoqda”,- fikrini bildirdi.

“IShID dunyo bo‘ylab ildiz yoyishda, xunrezliklar qilishda davom etmoqda. Biz ularga qarshi o‘z harbiy kuchlarimizni ishlatishga haqli ekanimizni yana bir bor tasdiqlashimiz kerak. Lekin meni o‘ylantirayotgan masala shuki, bizning bosh qo‘mondonimiz (AQSh prezidenti) IShIDni kuchsizlantirish va yakson qilish va'dasini bajarishga yengil qaramoqda, u hatto bu ishni qanday amalga oshirmoqchiligi haqida rejasini ham taqdim etmadi. O‘z majburiyatlarini bajarishga jiddiy qaramaydigan bosh qo‘mondonga men qanday qilib harbiy kuchlardan foydalanishga ruxsat bera olaman?”, - xavotirini bildirdi u.

Amerikalik harbiylar IShIDga qarshi havo amaliyotlarini Iroqda 2014 yil 8 avgustda, Suriyada esa 22 sentabr tunida boshlashgan. AQSh ma'muriyati tasdiqlashicha, ularning hozir ham terroristlarga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirishga huquqlari bor. Biroq Amerika hukumati ushbu harbiy amaliyotlarda milliy harbiy kuchlarni xorijda ham qo‘llashga imkon beruvchi Kongressning konstitutsiyaga muvofiq yangi qonuniy dasturiga suyanmoqchiligini tan oldi. Obama taklif etgan ushbu hujjatga qarshi chiqqanlar, uning muvaffaqiyatiga shubhalanmoqdalar.

Top