16:46 / 04.03.2016
4598

KXDR BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalarini tan olmasligini bildirdi

KXDR rahbariyati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan, mamlakatga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha yangi rezolyutsiyaga munosabat bildirdi. Bu haqda KXDR TIV tomondan Koreya Markaziy telegraf agentligi orqali tarqatilgan bayonotga asoslanib, RIA Novosti xabar bergan.

«O‘z yadro dasturimizni rivojlantirish - o‘z qonuniy huquqimizdir. AQSh dushmanona siyosatini davom ettirar ekan, o‘zimizni himoya qilishimiz kerak», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bunday sharoitda KXDR xalqi va armiyasi amerikalik imperialistlar va janubiy koreyalik sotqinlar qiyofasidagi mamlakat dushmanlarini yo‘q qilish to‘g‘risidagi buyruqni ijro qilishga tayyorligi qo‘shimcha qilib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 mart kuni Xavfsizlik Kengashi ishtirokchilari shimollik koreyslarning yadroviy sinovlari munosabati bilan unga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qilgandi.

Yangi cheklovlar Shimoliy Koreyaga yoki u yerdan otlangan yuklarni majburiy tekshiruv, o‘qotar qurollar va yengil qurol-yarog‘larni sotish va yetkazib berish bo‘yicha taqiqni o‘z ichiga oladi.

2016 yilning yanvar oyi boshida KXDR vodorod bombasini muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazganini e'lon qilgan edi. Bir oy o‘tib esa, mamlakat Yerni kuzatish uchun mo‘ljallangan sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqqan raketaning muvaffaqiyatli parvozi haqida e'lon qildi.

Top