08:48 / 04.03.2016
2742

XVJ Ukrainaga yangi moliyaviy ko‘mak ajratishda Rossiya oldidagi qarzini to‘lashini hisobga oladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukraina hukumatining "halolligi" va yevrobondlar bo‘yicha "Rossiya oldidagi 3 mlrd dollar qarzini" hal qilish bo‘yicha say'-harakatlarini hisobga oladi. Tegishli qarorni XVJ direktorlar kengashi qabul qildi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi XVJning aloqalar bo‘yicha direktori Jyeri Raysga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.

"Biz bu masala bo‘yicha muzokara jarayonining bir qismi hisoblanmaymiz. Biz Rossiya va Ukrainani muzokaralar olib borishga chaqirmoqdamiz. Halollik XVJ direktorlar kengashi Ukraina bo‘yicha ikkinchi transhni tasdiqlashda hisobga oladigan jihat bo‘ladi", deb aytdi Rays.

Ukrainaning Rossiya oldidagi "halollik bilan yo‘l tutishidan" tashqari, XVJ Ukrainada qabul qilingan bir qator islohotlar, jumladan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha choralarni ham hisobga oladi.

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Rossiya Ukraina bilan qarz bo‘yicha adekvat muzokara olib borishga tayyorligini ma'lum qildi. 17 fevralda Rossiya 3 mlrd dollarlik qarz bo‘yicha Ukraina ustidan London sudiga da'vo arizasi topshirdi. Ukraina 4 martgacha Rossiyaning da'vo arizasiga javob berishi kerak edi, shundan keyin sud tinglashlari boshlanishi belgilangandi.

Top