11:53 / 05.03.2016
10203

“Sayyoramiz 2030 yilda: 50-50 - Biz gender tengligi uchun”.

Hamma -yoshu qari, erkagu ayol birdek yaxshi ko‘radigan bayramlar orasida 8 mart Xalqaro Xotin-qizlar kuni bayramining alohida o‘z o‘rni bor. Shu kuni kimdir o‘z onasi, singlisi, opasi yoki ishxonasidagi ayollarga qandaydir sovg‘a tayyorlaydi. Kimdir eng yaqin ayol qarindoshini tabriklash maqsadidla eng yaxshi tilaklarini oldindan o‘ylay boshlaydi. Bir so‘z bilan aytganda erkagu ayol bu bayramni bahor bayrami sifatida qarshi oladi. Shu bilan birga ijobiy ma'noda “bu bayram tarixiga deyarli hech kim qiziqib ham ko‘rmaydi”, ammo chin dildan nishonlaydi, desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz.

Tarixdan ma'lumki, mazkur bayram xotin-qizlar o‘z xuquqlari uchun kurash boshlagan kundan beri nishonlanadi. Ilk bor Nyu-Yorkdagi poyafzal, to‘qimachilik va tikuvchilik fabrikalarining vakillari bo‘lmish ayollar 1857 yilning 8 mart kuni to‘planishgan edi. O‘shanda ayollarning axvoli nixoyatda og‘ir edi. Ular bir kunda 16 soat ishlashardi. Shu bilan birga ularning mehnatiga juda ham kam xaq to‘lanardi. Aynan shu sabab xotin-qizlar bosh ko‘tarishdi. Ular ish soati 10 soatga tushirilishini va maoshlar erkaklar bilan teng bo‘lishini talab qildilar. O‘tkazilgan namoyishlar natijasi o‘laroq xotin-qizlarning talabi qondirildi. O‘sha yillari AQShda xotin-qizlarning kasaba uyushmalari tashkil topdi. Aynan o‘sha yili ayollarga saylash va saylanish xuquqi berildi. 1909 yildan 1913 yilga qadar Amerikada fevral oyining so‘ngi yakshanbasida milliy xotin-qizlar kuni sifatida nishonlangan. Xotin-qizlarning 1910 yilda bo‘lib o‘tgan Xalqaro konferensiyasida 8 mart xalqaro miqyosda bayram qilinishi kerak degan taklif ilgari surildi va bu taklif ma'qullandi. Bu bayram 1911 yildan boshlab faqat Daniya, Germaniya, Shveytsariya va Avstriyada nishonlana boshlandi. Avvaliga bu bayram Xalqaro Xotin-qizlarning o‘z huquqlarini ximoya qilish maqsadida birdamlik kuni sifatida nishonlandi. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a'zo mamlakatlarda 8 mart 1965 yildan boshlab dam olish kuni deb e'lon qilingan. Bayram arafasida jaxon mamlakatlarida tantanali marosimlar o‘tkazish an'anaga aylangan.

Xalqaro Xotin-qizlar kuni (International Women's Day) — Ayollarning xalqaro bayrami bo‘lib shu kuni jahon mamlakatlarida xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari taxlil qilinadi. Shu kuni ayollar o‘tmishlarini taxlil qiladilar, bugungi kun hamda kelajak orzularini belgilab oladilar. Bayram BMT tomonidan keng nishonlanadi. Bir qator mamlakatlarda milliy bayram sifatida tan olinadi. Ma'lumki, 8 martga xalqaro maqom BMT tomonidan 1975 yilda berilgan edi. O‘sha kundan boshlab bayram xalqaro miqyosda nishonlanib kelinadi. Har yili bu kun qandaydir mavzuga bag‘ishlanadi.

BMTning bu yilgi mavzusi “Sayyoramiz 2030 yilda: Ellikka ellik- Biz gender tengligi uchun”.

Avvalgi shiorlar:

2015: “Xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish: insoniyat imkoniyatlarini kengaytirishdir. Buni yodda tuting”.

2014: “Xotin-qizlar manfaatlari yo‘lida tenglik - bu barchaning manfaatilari yo‘lidagi taraqqiyot”.

2013: “Va'da o‘z yo‘liga va'da - xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarga barham berish uchun vaqt yetib keldi”.

2012: “Qishloq xotin-qizlari imkoniyat va xuquqlarini kengaytirish- ochlik va qashshoqlikka yo‘l yo‘q”.

2011: “Ta'lim, kasbiy tayyorgarlik va ilm-texnika yutuqlariga birdek imkoniyat— xotin-qizlarning munosib mehnatiga yo‘l”. 2010: “Teng huquq, teng imkoniyat: barcha uchun taraqqiyot”.

2009: “Xotin-qizlar va erkaklar, birgalikda ayollar va qizlarga qarshi zo‘ravonlikka chek qo‘yamiz”,

8 mart – Sevgi va xotin-qizlarga muhabbat bayramidir. Bayramning o‘zi esa rasmiy bayramlarning eng go‘zallaridan biri sifatida tan olinadi. Shu kuni butun dunyo xotin-qizlari o‘zlari istiqomat qilayotgan davlatlarning milliy chegaralaridan qat'iy nazar, irqi, millati, madaniyati, tili turlicha bo‘lishiga qaramay, o‘zlari oldida turgan muqaddas ezgu g‘oyalar atrofida birlashadilar. Xalqaro Xotin-qizlar kuni tarix ijodkorlari bo‘lmish har bir ayolning bayramidir. Ayni damda butun dunyoda ayollar barcha jabhalarda oldingi o‘rinlarda bormoqda.

1977 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya(№ A/RES/32/142[10)da dunyo mamlakatlariga murojaat qilinib, yilning biror bir kunini Xotin-qizlar huquqlari uchun kurash kuni sifatida nishonlash taklif qilinadi.

Bugungi kunda 8 mart Xalqaro Xotin-qizlar kuni Angola, Gvineya-Bisau, Zambiya, Kambodja, Keniya, Madagaskar, Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligiga a'zo barcha mamlakatlarda dam olish kuni sifatida nishonlanadi. Laosda faqat xotin-qizlar dam oladi.

8 mart bundan keyin ham Go‘zallik, donishmandlik, joziba va Xotin-qizlarga ta'zim kuni bo‘lib qolishiga ishonamiz. Xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat erkaklarni mard, jafokash, bag‘rikeng, himmatli, mehribon, g‘amxo‘r bo‘lishlariga yordam beradi.

Buni aslo unutmaylik.

Sharofiddin To‘laganov

Top