19:21 / 06.03.2016
1901

Villash-Boash mavsum yakunida "Zenit" bilan shartnomasini uzaytirishi mumkin

Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasi bosh murabbiyi Andre Villash-Boash va jamoa rahbariyati mavsum yakunida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha muzokara o‘tkazishi mumkin. Bu haqda portugaliyalik mutaxassisning agenti Karlush Gonsalveshga asoslanib, TASS agentligi xabar tarqatgan.

28 yoshli Villash-Boash bilan shartnoma 2016 yilning yoziga qadar tuzilgan. O‘tgan yilning kuzida u bu shartnomani uzaytirish niyatida emasligini va Rossiyani tark etmoqchiligini aytgandi. Endilikda esa jamoaning bosh direktori Maksim Mitrofanov yangi murabbiy izlash borasidagi savollarga javob berish vaqtida Villash-Boashning qolishi ehtimoli haqida gapirgan.

"Biz Mitrofanov bergan javobni eshitdik. Bu shuni anglatadiki, Andre jamoada yaxshi ishlamoqda. Rahbariyat uning faoliyatidan qoniqish hosil qilgan. Ayni vaqtda Sankt-Peterburgdagilar bu borada yakuniy qarorni qabul qilishmagan. Biz mavsum yakunini kutamiz va keyin bu masalada muzokara o‘tkazishimiz mumkin. Andrening o‘zi ham ishidan qoniqish hosil qilmoqda. Ayni vaqtda u mavsumni yaxshi natijalar bilan yakunlash uchun ishlamoqda", deya vaziyatga baho beradi Gonsalvesh.

Ma'lumot uchun, Villash-Boash 2014 yilning martida "Zenit" bosh murabbiyiga aylangandi. Uning rahbarligida jamoa 2014-15 yilgi mavsum chempioni bo‘lgan, shuningdek mamlakat superkubogi uchun bahsda g‘olib chiqqandi. Joriy mavsumda piterliklar YeChLning nimchorak bosqichiga chiqqan, kelasi haftada "Benfika"ga qarshi javob o‘yinini o‘tkazadi. Ichki chempionatda esa "Zenit" 19 turdan keyin 31 ochko bilan 5-o‘rinda ketmoqda.

Top