09:03 / 08.03.2016
7345

Yevropa Ittifoqi va Turkiya migratsiya muammosi bo‘yicha kelishuvga erishdilar

Yevropa Ittifoqi va Turkiya Belgiyadagi sammitda migratsiya muammosini hal qilishning asosiy tamoyillarini kelishib oldilar. Bu haqda Twitter’da Yevrokomissiyaning rasmiy vakili Mina Andreyeva ma'lum qildi.

"Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker va Yevrokengash raisi Donald Tusk YeI sammitida Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu bilan muhojirlar inqirozini birgalikda hal qilishning asosiy tamoyillarini kelishib oldilar", deb yozdi Andreyeva.

Tuskning ma'lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi va Turkiya muhojirlar oqimini qisqartirishga kelishib oldilar. U, shuningdek, qochqinlarning Yevropa Ittifoqiga "bolqon yo‘nalishi" bo‘yicha kirishi bundan buyon "yopilganini" e'lon qildi. "Yevropaga noqonuniy migratsiya kunlari poyoniga yetdi", deb qo‘shimcha qildi Tusk.

Fransiya prezidenti Fransua Olland o‘z navbatida Turkiyaga migratsiya muammosini hal qilish uchun yana 3 mlrd yevro ajratilishi mumkinligini aytdi. U, shuningdek, Anqara Gretsiyaga Turkiyadan kelgan muhojir va qochqinlarni qabul qilishga rozi bo‘lganini ma'lum qildi. Ollandning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi shengen kelishuvini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.     

Germaniya kansleri Angela Merkel agar Anqara o‘zida qochqinlarni qabul qilishga rozi bo‘lsa, unda YeI iyundayoq Turkiya bilan viza tartibini yumshatishi mumkinligini aytdi.

7 martda Bryusseldagi muzokaralarda murakkabliklar vujudga kelgani haqidagi ma'lumot paydo bo‘lgandi. Muzokaralar davomida Turkiya rahbariyati migratsiya inqirozi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun Yevropa Ittifoqidan 20 mlrd yevro so‘ragani ma'lum qilingandi.   

Top