22:23 / 10.03.2016
4715

Yanvarda Fransiya sohillari yaqinida Rossiyaning suv osti raketa tashuvchi kemasi aniqlangan

Fransiyaning Le Nouvel Observateur gazetasi 10 martda, nomi aytilmagan yuqori lavozimli manbaga iqtibos keltirgan holda yanvar oyi boshida Fransiya sohillari yaqinida, Biskay ko‘rfazida Rossiya suv osti kemasi aniqlanganini ma'lum qildi. Suv osti kemasi bortida yadroviy kallaklar bilan jihozlangan raketalar joylashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan.

Gazetaning ta'kidlashicha, sovuq urush yakunlangandan keyin Fransiyaning bu hududida rus suv osti kemasi birinchi marta aniqlandi. Fransiya mudofaa vazirligi bu ma'lumotni tasdiqlamagan, biroq inkor ham etmagan.

Atlantika okeanining sharqiy qismida turli flotlarning suv osti kemalari muntazam uchrab turadi. 2009 yil fevralda Buyuk Britaniya sohillarida Fransiyaning Le Triomphant va Britaniyaning Vanguard suv osti kemalari to‘qnashib ketgan.

O‘shanda Fransiya mudofaa vaziri bo‘lgan Erve Morenning aytishicha, to‘qnashuvga suv osti kemalarining kam shovqinligi sabab bo‘lgan, kemalar ekipajlari shu sababli bir-birlarini eshitishmagan. To‘qnashuv oqibatida ikkala kema ham ta'mirtalab holga kelgan va ta'mirlashga jo‘natilgan.

Rossiya suv osti kemalari ham Atlantikaning sharqiy qismiga vaqti-vaqti bilan kirib turadi. Bu qoidaga ko‘ra, ularning Qutbortidagi joylashgan o‘rinlaridan O‘rta Yer dengiziga o‘tayotganlarida yuz beradi.

Top