08:39 / 11.03.2016
33559

Dunyoning eng chiroyli pul birliklari ro‘yxati tuzildi

The Telegraph nashri dunyoning o‘ziga xos ko‘rinishga ega eng chiroyli pul birliklari 15 taligini tuzib chiqdi. Bu ro‘yxatning avvalida Qozog‘istonning 10 ming tengelik qog‘oz puli joy olgan.

1. Viqor to‘kib turgan qorli tog‘lar qarshisidagi mag‘rur qoplon tasviri tushirilgan 10 ming tengelik kupyura Qozog‘istonda 2003 yildan buyon zarb qilinadi.

2. Janubiy Afrika milliy valyutasining turli qiymatli kupyuralarida “katta beshtalik” vakillari surati tasvirlangan.

P.S. “Katta beshtalik” – sher, karkidon, qoplon, fil va buyvol. Bu hayvonlarning barchasi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida. Ko‘p asrlar davomida ularni ovlash haqiqiy ovchilarning asl timsoli hisoblangan, lekin hozir ular himoya ostiga olingan.

3. Yangi Zelandiyada 1999 yilda muomalaga kiritilgan besh dollarlik kupyurada mamlakatning milliylik timsollari bo‘lmish sariq ko‘zli pingvin va lolagullilarga mansub sariq liliyani ko‘rish mumkin.

4. Fransiya Polineziyasining rang-barang 500 frankiga odamlar, o‘simliklar va hayvonot olami “joylangan”.

5. Kolon – Kosta Rika pul birligi (ispanchada Kristobal Kolon nomi bilan mashhur Xristofor Kolumb sharafiga nomlangan). Bu suv osti olami, jumladan, akula va dengiz yulduzi tasvirlangan 2 ming kolonlar.

6. Malayziyaning 2012 yili zarb qilingan ringgitida milliy gul – gibiskus ifodalangan.


7. Bu esa karkidon va oltin koni tasviri tushirilgan Tanzaniyaning 5 ming shillingli kupyurasi.

8. Indoneziyaning ming rupiylik qog‘oz puliga Palembang shahri an'anaviy uylari surati bosilgan.

9. Kanadaning besh dollarlik kupyurasida bolalarning muzda xokkey o‘yini surati aks etgan. Shu bir parcha qog‘ozda adib Rox Karri qalamiga mansub hikoyadan parcha ham joy olgan: “Mening bolaligim qishlari uzundan uzoq davom etardi. Hayotimiz uchta joy –maktab, ibodatxona va yaxmalak maydonidangina iborat edi. Lekin bizning haqiqiy umrimiz yaxmalak maydonida kechardi”.

10. Qatarning bir rial pulida mamlakat tabiatidagi ba'zi qushlar: so‘fito‘rg‘ay, ko‘rkinak, rjanka surati tushirilgan.

11. Misrning bir funti. Misrning barcha kupyuralari bir tomoni arabcha matn va raqamlar, ikkinchi tomoni inglizcha matn, hindu-arabcha raqamlar bilan zarb etiladi.

12. Birlashgan Arab Amirliklarining hamma qog‘oz pullarida firibgarlikning oldini olish maqsadida yorug‘lik darajasiga qarab tusini o‘zgartiruvchi lochin xavfsizlik surati o‘rnatilgan. Ushbu yuz dirhamlik pulga ham lochin va Dubaydagi Jahon savdo markazi tasviri tushirilgan.

13. Bagama orollarining bir dollarlik kupyurasida esa hayvonlar va o‘simliklar mavzusidan uzoqlashgan holda, qirol harbiy kuchlarining askarlar guruhi bayram “nishonlamoqda”.

14. Gonduras bir lempirasi. Lempira 1931 yili joriy etilgan va Ispan bosqinchilariga qarshi jangga boshchilik qilgan 16-asr hukmdori sharafiga atalgan.

15. Nigeriya nayrasining qadrsizligi tufayli pul muomalasida qiyinchiliklar tug‘diradi.

P.S. 1 Nigeriya nayrasi 0,01 AQSh dollariga, 1 AQSh dollari esa 198,85 Nigeriya nayrasiga teng.

Top