22:04 / 11.03.2016
1669

Xitoy Rossiya neftining eng yirik importchisiga aylandi

Xitoy 2015 yil oxiriga kelib Germaniyani ortda qoldirgan holda, Rossiya neftining eng yirik importchisiga aylandi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining har oylik sharhida aytildi.

"Dengiz tashishlari haqidagi ma'lumotlar Xitoy Sharqiy Sibir-Tinch okeani neft quvuri bo‘yicha borgan sari ko‘proq neft import qilayotganidan darak bermoqda", deb ta'kidlandi agentlikda.

2016 yil yanvarida Xitoy Rossiyaning Kozmino terminalidan yuklangan 60 foiz neftni import qilgan. Bundan tashqari, Xitoyning shimolida joylashgan neft qayta ishlovchi zavodlar Rossiya neftini temir yo‘l orqali xarid qila boshlashdi.

Xitoy Sharqiy Sibir-Tinch okeani neft quvuri Irkutsk viloyatidagi Tayshet shahridan Naxodka ko‘rfazidagi Kozmino portigacha davom etadi. Bu quvur G‘arbiy va Shimoliy Sibirdagi neft konlaridan Osiyo davlatlari, birinchi navbatda Xitoy bozoriga neft yetkazib berishni ta'minlaydi.
"Rosneft" kompaniyasi quvur uchun asosiy neft yetkazib beruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Xitoyning CNPC davlat neft kompaniyasi bilan ikkita shartnomaga ega. 2009 yilda imzolangan birinchi shartnomaga ko‘ra, har yili Xitoyga 15 mln tonna neft yetkazib berish ko‘zda tutilgan. 2013 yilda imzolangan ikkinchi shartnomaga ko‘ra, Xitoyga 25 yil ichida 365 mln tonna neft yetkazib berilishi kerak.

Top