16:49 / 11.03.2016
1892

Xitoyning CNPC kompaniyasi O‘zbekistonda gaz konlarini tartibga solishga kirishdi

New Silk Road Oil And Gas va Xitoy milliy neftgaz uyushmasi (SNPC) hamkorligidagi qo‘shma korxona O‘zbekistonning Buxoro viloyatidagi gaz konlarini tartibga solishga kirishdi.

Qo‘shma korxona 11 mart kuni Qorako‘l blokida 11ta loyihaviy quduq qazish hamda boshqa ishlar uchun tender e'lon qildi. Uning yakunlari may oyida ma'lum bo‘ladi.

"Qo‘shma korxona avvaliga burg‘ulash ishlarini amalga oshiradi va bu ishlar yil oxirigacha davom etadi", deyiladi RIA Novosti xabarida.

2012 yilning iyunida CNODC "O‘zbekneftgaz" bilan Ustyurt, Buxoro-Xiva va Farg‘ona hududlaridagi 5ta investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan, unga ko‘ra 5 yil davomida 260,2 mln dollarlik hajmdagi ishlar bajarilishi ko‘zda tutilgandi. Qorako‘l blokida 3ta kon borligi aniqlandi: Hojisayot, Hojidavlat va Sharqiy Olot.

Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosiga ko‘ra, 2020 yilgacha qo‘shma korxona yiliga 1 mlrd kubometr gaz qazib chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2014-2019 yillar davomida bu loyiha uchun 277,3 mln dollar investitsiya jalb etiladi.

Top