18:25 / 12.03.2016
1504

Umumxalq xayriya hasharining birinchi kunida 12,4 million nafar odam qatnashdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 4 martdagi farmoyishiga binoan 12-13 mart kunlariga belgilangan umumxalq xayriya hasharining birinchi kuni natijalari e'lon qilindi.

Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash hamda respublikaning sanitariya holatini yanada yaxshilash maqsadida tashkil etilgan hasharning birinchi kunida 28,6 ming gektar maydon obodonlashtirildi.

Shuni kuni hasharchilar 19,5 ming kilometrdan ziyod ariq-zovur tozalanib, 683 dan ortiq ziyoratgoh hamda 8,8 mingdan ko‘p qabriston tartibga keltirildi. 13 million 225 ming tupdan ortiq daraxlarga shakl berilib, oqlandi. 12 mingga yaqin maxsus texnika vositalari yordamida 45,8 ming tonnadan ziyod maishiy chiqindilar maxsus joylarga tashib chiqarildi.

Shuningdek, hasharning dastlabki kuni 8,6 million tupga yaqin manzarali, 7,4 million tupdan ortiq mevali hamda 10,1 million tupdan ziyod gul ko‘chatlari o‘tqazilgani natijasida yurtimiz bog‘u gulzorga aylandi.

Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Shu bois umumxalq xayriya tadbirining birinchi kuni aholining kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Shu maqsadda 16 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaning 339 m.kv uy-joyi hashar yo‘li bilan ta'mirlab berildi. 19,8 mingtadan ziyod muruvvattalab oilaga, shu jumladan, 7,6 ming nafardan ortiq nogiron va yolg‘iz qariyaning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Mazkur xayriya tadbirlariga 2 mlrd. 559 mln. so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Xayriya tadbirining birinchi kunida jami 12,4 million nafar fuqaro qatnashgan bo‘lsa, ularning 8,1 million nafari yoshlardir, deb xabar beradi O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi matbuot xizmati.

Top