01:05 / 13.03.2016
5852

Yashash uchun eng arzon va eng qimmat shaharlar ro‘yxati chop etildi

Economist Intelligence Unit nashri yashash uchun eng arzon shaharlar ro‘yxatini chop etdi. E'tiborlisi, ushbu ro‘yxatning yetakchi o‘ntaligidan Olmaota ham o‘rin olgan.

Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasini Zambiya poytaxti Lusaka egalladi. Lusakadan keyingi o‘rinlarni Hindistonning Bangalor va Mumbay shaharlari, Jazoir, Chennay, Karachi, Nyu-Dehli, Damashq va Karakas egalladi.

Moskva va Sankt-Peterburgda yashash qiymati rublning qadrsizlanishi sababli 2015 yilda deyarli 40 foizga kamayib ketgan.

Singapur uchinchi yil ketma-ket yashash uchun eng qimmat shahar bo‘lmoqda. Bu borada keyingi o‘rinlarni Tsyurix, Gonkong, Jyeneva, Parij, London, Nyu-York, Kopengagen, Seul va Los-Anjyeles egallagan.

Gonkong oxirgi yilda eng qimmat shaharlar ro‘yxatida 7 pog‘onaga ko‘tarilgan. Nyu-York 2011 yildan beri 42 pog‘onaga ko‘tarilib, 2002 yildan beri eng yuqori darajaga erishgan.

Eng qimmat shaharlar o‘ntaligidan Sidney, Melburn va Oslo chiqib ketgan. Tadqiqot mualliflarining tushuntirishicha, kuchli dollar ortida zaif yevro va avstraliya dollari Yevropa Ittifoqi va Avstraliyadagi shaharlarni reytingda pastlashga majbur qildi va xorijliklar uchun hamyonbop qilishga imkon berdi.

Economist Intelligence Unit bir yilda ikki marta shaharlarda yashash qiymatini baholovchi Worldwide Cost of Living hisobotini chop etadi. Baholashda turli omillar, jumladan oziq-ovqat, kiyim-kechak, benzin, avtomobillar, kommunal xizmatlar va xususiy maktablarda ta'lim olish narxlari, maosh darajasi hisobga olinadi. Tadqiqot kompaniyalarga ishlash uchun chaqirtirilgan xorijiy xodimlarga kompensatsiya paketini hisoblashda yordam berish uchun mo‘ljallangan.

Avvalroq Qozog‘iston GOBankingRates xalqaro agentligi talqini bo‘yicha yashash uchun eng arzon davlatlar ro‘yxatida 5-o‘rinni egallagani ma'lum qilingandi. Bunda ekspertlar aholining xarid qilish qobiliyati, turar-joy ijarasi, oziq-ovqat va xizmatlar narxlarini baholashgan.

Top