08:33 / 14.03.2016
1541

"Borussiya" D jamoasi muxlisi "Maynts"ga qarshi o‘yin vaqtida jon berdi

Dortmundning "Borussiya" jamoasi muxlisi Germaniya chempionatining 26-turida "Maynts"ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv vaqtida olamdan o‘tdi. Bu haqda jamoaning rasmiy saytida xabar berilgan.

Ma'lum qilinishicha, 80 yoshli muxlisning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan. O‘yin vaqtida yana bir muxlis shifoxonaga olib ketilgan.

Muxlisning o‘limi 70-daqiqada ro‘y bergan. Shu zahoti tabloda bu haqda e'lon qilingan. O‘yinda urilgan ikkinchi gol nishonlanmagan. 81 ming kishilik stadion qolgan 20 daqiqa davomida jimlikka cho‘mgan. Bosh hakam o‘yinga qo‘shimcha vaqt qo‘shib bermagan.

O‘yin yakunida stadiondagi muxlislar marhum muxlis xotirasi uchun «You'll Never Walk Alone» qo‘shig‘ini jo‘r bo‘lib kuylashgan. Futbolchilar ham ular qarshisida tizilib, marhumni xotirlashgan.

Top