12:43 / 15.03.2016
3262

O‘zbekiston xorijlik ulgurji savdogarlar uchun meva va sabzavotlar sotib olishni osonlashtiradi

"O‘zulgurjisavdoinvest" assotsiatsiyasi chet el ulgurji savdo korxonalarini jalb qilish va meva va sabzavotlar esportini rivojlantirish maqsadida, O‘zbekistonda yangi, ko‘rgazmali biznes-maydoncha tashkil qilishni rejalashtirgan. Bu haqda assotsiatsiya vakiliga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.

"O‘zulgurjisavdoinvest" assotsiatsiyasi milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini, ayniqsa uzum va poliz mahsulotlarini omborxonalarda jamlash va ularni chet elga eksportini tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.

“Biz birinchi “O‘zbekiston meva va sabzavotlari” nomli biznes forum tashkil qilish niyatidamiz. U yerga chet ellik yetakchi savdogarlarni, yirik transport kompaniyalari, qayta ishlash korxonalari va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan uskunalar ishlab chiqaradigan korxonalar vakillarini taklif qilish niyatidamiz. Tadbirning asosiy maqsadi – chet ellik xaridorlarga kerakli miqdorda meva va sabzavotlar sotib olish uchun sharoit yaratishdir”, — dedi assotsiatsiya vakili.

Bunday tajriba qishloq xo‘jaligining boshqa sektorlarida o‘zini oqlagan. Masalan, O‘zbekistonda o‘n yildan beri Xalqaro paxta yarmarkasi o‘tkaziladi. U yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxtaning asosiy qismini sotish bo‘yicha shartnomalar tuziladi.

“O‘zbekiston meva va sabzavotlari” forumi birinchi bor 2016 yilning may yoki iyun oylarida o‘tkazish rejalashtirilgan. "O‘zulgurjisavdoinvest", qaysi mahsulotga xaridor ko‘pligini bilish maqsadida, chet ellik xaridorlarni asosiy mahsulotlar yig‘im terim mavsumi boshlanguniga qadar taklif qilmoqchi. Assotsiatsiya forum natijasiga qarab fermerlar bilan ishlaydi.

“Bu barcha uchun qulay bo‘ladi. Xaridorlar Toshkentga bir-ikki kunga kelib, bir maydonda fermerlar, transport kompaniyalari, bojxona xodimlari va boshqalar bilan uchrashishi mumkin. Undan tashqari, bu O‘zbekiston meva va sabzavotlarini butun dunyoga targ‘ib qiluvchi ajoyib omil bo‘ladi”, — dedi vakil.

Ko‘rgazmani tashkil qilishda hamkor etib tajribali ITE Uzbekistan kompaniyasi tanlandi. Forum “O‘zko‘rgazmasavdo” markazida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari, MDH davlatlari, xususan Rossiya ulugurji savdo kompaniyalariga alohida e'tibor berish niyatida. Assotsiatsiya vakili so‘zlariga qaraganda ular Rossiyaning yirik savdo tarmoqlari va gipermarketlari vakillari tashrifiga umid bog‘lamoqda.

O‘tgan yili O‘zbekistonda 12,5 million tonna sabzavot va kartoshka yetishtirildi, 1,8 million tonna poliz mahsulotlari, 1,5 million tonna uzum, 2,73 million tonna mevalar yetishtirildi. Ularni saqlash uchun mamlakatda 114ta sovutuvchi kameralar yangilangan.

O‘zbekiston 100 mln dollardan ko‘proqqa meva-sabzavot va uzum eksport qiladi

Top