17:43 / 15.03.2016
7757

Ra'no Yarasheva: Shahnozabonu hayotida uchragan barcha musibatlarni ayollarga xos matonat bilan qarshi olgan

Marhum xonanda Shahnozabonuning eng yaqin insonlaridan biri bo‘lmish Ra'no Yarasheva xonanda bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi. Bu haqda “Qalampir.uz” xabar bermoqda.

Ra'no Yarasheva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— Shahnozabonu qalbimizni parchalab, ko‘zimizni yoshga to‘ldirib ketdi. U bilan 1997 yilda tanishganmiz. O‘shanda Shahnoza Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlarini maromiga yetkazib kuylab chiqqandi. Biror yerga borsam ham mashinadan tushmay, uning qo‘shiqlarini eshitib o‘tiraverardim. Bir kuni tug‘ilgan kunimga qo‘lida sovg‘a-salom bilan bir qiz kirib keldi. “Men Shahnozabonuman”, – deb o‘zini tanishtirdi. O‘shandan buyon qalin opa-singillarga aylandik. Singlisi Feruzani uzatganida borib yonida turdim, kelin salomlarini o‘tkazdim. Keyin “Qizalog‘im” nomli she'rimni qo‘shiq qilib kuylab chiqdi. Mana, necha yillarkim bu qo‘shiq odamlar tilidan tushmay kelyapti.

Bir kuni Shahnoza o‘g‘limni uylantirmoqchiman, yaxshi qizlar bo‘lsa, tavsiya qiling, dedim. Amakilarining qizi borligini aytdi. Yo‘q, san'atkorlar oilasidan bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi, singlingizchi desam, “Singlim soddaroq, sizga ma'qul bo‘larmikin”, – dedi. Taqdir ekan, o‘g‘limga Shahnozabonuning singlisini kelin qildik. Shahnoza singlisini ota-onasiga tirgak bo‘lib, hech kimdan kam qilmay uzatdi. U juda jigarjon, mehribon, borini yaqinlariga, opa-singillariga ulashadigan, o‘zida bor narsani boshqalarda ham bo‘lishini niyat qiladigan ayol edi.

Shahnozabonu hamma ta'riflayotganidek mard ayol edi. U o‘limni ham mardonavor qabul qildi. Umurtqa bo‘yin sohasidagi jarrohlik operatsiyasiga boshqalar bilan maslahatlashib, oxirini o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ldi. Xususiy klinikida operatsiya o‘tkazildi, ahvoli yomon emasdi. Yaratganning irodasi shu ekan...

Shahnoza onasining o‘limidan keyin ancha so‘lib qoldi, anchagacha o‘ziga kelolmadi. Aslida dunyoda yaqin kishisini yo‘qotgandan og‘ir dard yo‘q. Shahnoza bunday yo‘qotishlarning ko‘piga bardosh berdi, biroq onasining vafotiga emas... Ortidan bo‘zlab qolgan qizi Umidani o‘ylasam... U yakkayu yagona qizini yeru-ko‘kka ishonmasdi.

Shahnozabonu yashashni yaxshi ko‘rardi. Uning boshidan ko‘p qiyinchiliklar o‘tgan, og‘ir kunlarni ayol boshi bilan yenga olgan. Biroq hech qachon birovga ichidagi dardini, muammolarini aytmasdi, hayotdan zavqlanib yashaydiganlardan edi. Shuncha yil quda-andachilik qilgan bo‘lsak, siz degan gapimiz senga bormagan. Bu ham bo‘lsa Shahnozabonuning odamgarchiligi va salom-alikni o‘rniga qo‘yishidan dalolat.

Top