17:20 / 16.03.2016
1524

FIFA 2ta jahon chempionati mezbonligini aniqlashda ovozlar sotilganini tan oldi

JAR 2010 yilgi jahon chempionati mezbonligini qo‘lga kiritish yo‘lida 10 million dollarni pora sifatida sarflagan.

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 1998 va 2010 yilgi jahon chempionatlari mezbonlarini aniqlashda ovozlar sotilgani hamda sotib olingani bilan bog‘liq holatlar ro‘y berganini tan oldi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida ma'lum qilingan.

16 mart kuni FIFA 21 sahifadan iborat hujjatni e'lon qildi. Bu hujjat bundan oldin FIFA tizimida amalga oshirilgan poraxo‘rlik jinoyatlarini taftish qilayotgan AQSh hukumatiga yuborilgan. FIFAning sobiq vitse-prezidenti Vyacheslov Koloskovning ma'lum qilishicha, unga hech kim Fransiya va JARda o‘tgan turnirlarda yon bosishi uchun pora taklif qilmagan.

Le Figaro nashrida yozilishicha, JAR 2010 yilgi mundial mezbonligini qo‘lga kiritish yo‘lida ovozlarni sotib olish uchun FIFA Ijroiy qo‘mitasi a'zolariga 10 million dollarni pora sifatida bergan. Bu ishlar tashkilotning sobiq vitse-prezidenti Jyek Uorner vositachiligida amalga oshirilgan.

Shuningdek, 1998 yilda Fransiyada o‘tkazilgan jahon chempionati mezbonligini aniqlashda ham poraxo‘rlik jinoyati amalga oshirilgan.

FIFAda shuningdek, Muhammad bin Hammamning 2011 yilda tashkilot prezidentligi uchun saylovda g‘alaba qilish maqsadida 400 ming dollar pulni pora sifatida sarflagani ma'lum qilingan.

Bin Hammam ovozlar sotib olishda FIFAning sobiq vitse-prezidentlaridan biri, KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari futbol uyushmasi)ning o‘sha vaqtdagi rahbari Jyek Uorner vositachiligidan foydalangan.

2012 yilda Muhammad bin Hammam korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib, butun umrga futboldan chetlashtirilgandi. 2015 yilda esa Jyek Uornerga ham shunday jazo qo‘llangan.

Top