14:21 / 17.03.2016
1451

6 kishining qotili bo‘lgan michiganlik taksist Uber xizmatini sudga berdi

21 fevral kuni Michigan shtatidagi Kalamazu okrugida ketma-ket qotilliklarni amalga oshirgani uchun qo‘lga olingan, Uber onlayn-buyurtma xizmati haydovchisi bo‘lgan 45 yoshli amerikalik Jyeyson Dalton Uber xizmatini sudga bergan. U xizmatdan 10 mln dollar miqdoridagi mablag‘ undirishni maqsad qilgan. Ayni vaqtda bu boradagi talabnoma Detroyt shahri sudiga yuborilgan.

6 kishining qotilligida ayblanayotgan bu shaxs o‘z jinoyatini Uber kompaniyasi tomonidan yetkazilgan ruhiy jarohatlar tufayli amalga oshirganini iddao qilmoqda.

Dalton kompaniyani o‘z xodimlariga g‘amxo‘rlik qilmaslikda ayblagan va o‘zi uzoq yillardan buyon ishlab kelgan bo‘lsada jamoaviy ziyofatlarga taklif etilmagani, bayramlarda tabrik olmaganidan aziyat chekkanini bildirgan.

"Men hozir aynan Uber tufayli qamoqda o‘tiribman", degan u va kompaniya o‘z hayotini izdan chiqarib yuborganini ta'kidlagan.

Dalton shu tufayli kompaniyadan ma'naviy zararni undirmoqchi.

Uber tomoni esa jinoyatchining bu da'volari asossiz ekanini aytmoqda. Ularning bildirishicha, bu shaxs kompaniyaga yanvar oyidagina qabul qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Michiganning Kalamazu okrugidagi bir necha tumanlarda avtomobil haydovchisi tartibsiz ravishda o‘t ochdi. Avvaliga u xususiy uy yaqinida o‘q uzdi va bir ayolni yaraladi. Oradan uch soat o‘tib, jinoyatchi birinchi hodisa joyidan bir necha kilometr uzoqlikda yana o‘t ochdi va buning oqibatida ikki kishi o‘ldirildi, bir kishi jarohat oldi. Shundan so‘ng erkak mahalliy restoran yaqinida bir yo‘la to‘rt kishini otib tashladi, bir kishini yaraladi.

45 yoshli Jyeyson Dalton o‘z jinoyatlarini amalga oshirganidan bir necha soat o‘tgach, politsiyachi uni qidiruvga berilgan mashinasida mahalliy bar avtoturargohidan yurayotganida payqab qolganidan so‘ng qo‘lga olindi. Hibsga olish chog‘ida bu shaxs qarshilik ko‘rsatmadi, avtomobilida esa qotilliklar sodir etilgan yarim avtomat pistolet topildi.

U sudda o‘z qilmishlariga iqror bo‘lgan, unga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi kutilmoqda. Michigan shtatida o‘lim jazosi taqiqlangan.

Top