21:32 / 17.03.2016
1443

Kemeron: Buyuk Britaniya Turkiya bilan vizasiz tartibga rozi bo‘lmaydi

Agar Yevropa Ittifoqi Turkiya bilan vizasiz tartib kiritishga qaror qilsa, Buyuk Britaniya bunga rozi bo‘lmaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Yevropa Ittifoqi-Turkiya sammitiga kelishi bilan aytdi.

“Biz Shengendan tashqarida bo‘la turib, o‘z chegara nazoratimizni o‘zimiz amalga oshirganimiz uchun turklarga bu kelishuvning qismi sifatida vizasiz kirishni taklif qilmaymiz. Biz o‘z immigratsiya siyosatimizni saqlab qolamiz”, deb aytdi Kemeron.

Bryusselda 17 martda boshlangan ikki kunlik sammitda Gretsiya orollarigacha yetib kelgan noqonuniy muhojir va qochqinlar ortlariga – Suriyaga avtomatik ravishda qaytariladigan sxema muhokama qilinadi.

Turkiya Yevropaga migratsiyani cheklashning shartlaridan biri sifatida Yevropa Ittifoqi bilan qisqa muddatli safarlar uchun vizalarning iyuldan boshlab bekor qilinishini talab qilmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqi bilan vizalar bo‘yicha harakatlar rejasiga ko‘ra Turkiya Yevrokomissiyaning 72 ta talabini bajarishi kerak. Ayni vaqtda Anqara tomonidan bu talablarning 35 tasi bajarilgan.

Kemeron Turkiyaga suriyalik qochqinlarni yuborish sxemasini “yaxshi fikr” deb atadi. “Joriy tizim odamlar kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchilar biznes modeliga xaspo‘shlik qiladi va qayiqqa o‘tirib Yevropada boshpana olish o‘rtasidagi aloqani uzish kerak. Biz grek orollaridan odamlarni Turkiyaga qaytarilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaymiz, bu yaxshi fikr”, deb aytdi Kemeron.

Kemeron Buyuk Britaniya Suriya bilan qo‘shni davlatlardagi BMT tomonidan boshqariladigan lagerlardan suriyalik qochqinlarni qabul qilishni davom ettirishini aytdi. Bu suriyalik qochqinlarni ko‘chirish dasturi doirasida amalga oshiriladi, unga ko‘ra London 2020 yilgacha 20 ming suriyalikni qabul qilishga rozi bo‘lgan.

Top