23:17 / 17.03.2016
2010

Nazarboyev qaynonalar borasida hazillashdi va dunyodagi eng kuchli valyuta nimaligini aytdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Pavlodarda o‘tgan mehnat jamoalari Respublika forumida dunyodagi eng kuchli valyuta va inson baxti haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Nazarboyev yoshlarni kasb tanlashda o‘z istaklariga quloq solishga chaqirdi, deb xabar bermoqda pavlodarnews.kz.

“O‘zing istamagan ish bilan shug‘ullanish malol keladi. Shuning uchun men yoshlarimizga ular butun hayotlari davomida shug‘ullanadigan kasb tanlashsin, deb istak bildiraman. Qanday kasb tanlashlari ahamiyatsiz. Agar inson biror kasbning ustasi bo‘lsa, oliy ma'lumotsiz ham yaxshi yashasa bo‘ladi. Misol uchun bugungi kunda yaxshi oshpazni topish qiyin, bu kasb egalariga yaxshi maosh to‘lanadi. Bir latifa esimga tushib ketdi: inson ishidan uyiga shoshilish uchun yaxshi oila va ishga mamnuniyat bilan borishi uchun yaxshi qaynonaga ega bo‘lishi kerak. Qissadan hissa shuki, inson katta zavq bilan ham ishlashi, ham dam olishi kerak”, deb aytdi Qozog‘iston prezidenti.

Nursulton Nazarboyev forum ishtirokchilariga baxt haqidagi masal aytib berdi.

“Baxtli bo‘lish insonning o‘z qo‘lida. Shunday masal bor. Tangri odamni loydan yaratganini hammamiz bilamiz. Tangri odamni yasagach, unda bir parcha loy qolgan. Tangri insondan “Senga yana nima yasab beray?” deb so‘rabdi. Inson “menga baxt yasab ber”, debdi. Shunda Tangri loy parchasini olib, inson kaftiga qo‘yibdi. Bundan ma'no shuki, inson o‘z baxtini o‘zi qurishi kerak, inson o‘z kelajagini o‘z qo‘li bilan yaratadi. Baxt – bu barcha narsani sovg‘aga emas, balki o‘z mehnating evaziga olganingdir va buni yodda saqlash kerak”, deb ta'kidlab o‘tdi Nazarboyev.

“Men aniq bilamanki, butun hayot inson mehnatiga asoslangan va faqatgina bu mehnat evaziga olg‘a intiladi. Dunyodaga eng kuchli valyuta – bu inson mehnatidir va buni yoddan chiqarmaslik lozim”, deb qo‘shimcha qildi Nazarboyev.

Top