00:16 / 18.03.2016
1216

Merkel Turkiya bilan muzokaralar murakkab bo‘lishini aytdi

Turkiya bilan migratsiya inqirozidan o‘ta olish masalasi bo‘yicha muzokaralar murakkab bo‘ladi va yana ko‘p narsani muhokama qilish kerak, deb aytdi 17 martda Bryusselda boshlangan Yevropa Ittifoqi sammitida Germaniya kansleri Angela Merkel.

“Yaxshiyamki biz barcha masalalarni yana bir bor muhokama qilish uchun o‘zimizga ozgincha vaqt qoldirdik”, deb aytdi Merkel va “bir qator muammolarni oydinlashtirib olish kerak” deb qo‘shimcha qildi.

“Biz Yevropa Ittifoqi davlatlari va Turkiya o‘rtasida manfaatlar muvozanatini topishimiz kerak”, deb aytdi Merkel va Yevropa Ittifoqining barcha 28 ta davlatini qoniqtiradigan pozitsiyani kelishib olish kerakligini ta'kidladi. “O‘ylaymanki, shunda ertaga keladigan Turkiya bosh vaziri bilan murosaga kelish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Bu muzokaralar murakkab bo‘ladi, biroq asosiy yo‘nalish tushunarli”, deb aytdi Merkel. Merkel shuningdek Gretsiyada gumanitar vaziyatning yaxshilanishi muhimligini qayd qilib o‘tdi.

“Biz Gretsiyaga iloji boricha tezroq gumanitar vaziyatni yaxshilash va o‘ziga olgan majburiyatlarni bajarishida yordam bermoqchimiz”, deb aytdi kansler. Merkel “har bir qochqinning ishini alohida tartibda ko‘rib chiqish va uning huquqlariga amal qilish muhimligini” ta'kidlab o‘tdi.

“Biz yana ko‘pgina narsani muhokama qilishimiz lozim va oldinda qizg‘in bahslar turibdi”, dedi Merkel.

Top