00:28 / 18.03.2016
1498

Milliy terma jamoa Toshkentda yig‘inga kirishdi

Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2018 ikkinchi saralash bosqichi so‘nggi ikki o‘yinidan oldingi yig‘inga kirishdi.

Ta'kidlash joiz, ayni damda terma jamoa yig‘iniga chaqirilgan futbolchilar Toshkentga yetib kelishdi. Faqatgina Rossiya chempionatida to‘p surayotgan Odil Ahmedov ("Krasnodar"), Vitaliy Denisov ("Lokomotiv"), shuningdek, kecha o‘z jamoasi "Al Jaish" safida Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi o‘yinida "Nasaf"ga qarshi maydonga tushgan Sardor Rashidov yig‘inga keyinroq kelib qo‘shiladilar. Qolgan barcha futbolchilar Toshkentdagi yig‘inda terma jamoa safiga kelib qo‘shilishdi.

Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan mazkur yig‘inda ishtirok etadigan futbolchilarning kengaytirilgan tarkibini avvalroq e'lon qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ikki o‘yin oldidan O‘zbekiston terma jamoasi olti uchrashuv o‘tkazib, 15 ochko to‘plagan holda guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Guruhda hozircha 7 uchrashuvda 16 ochko jamg‘argan KXDR terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati 2018, ikkinchi saralash bosqichi doirasidagi so‘nggi ikki o‘yinni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 24 mart kuni bo‘lib o‘tadigan Filippinga qarshi uchrashuvi ham, Bahraynga qarshi 29 mart kuni bo‘ladigan o‘yin ham 18:00da start oladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining "JAR" stadionidagi mashg‘ulotlaridan fotosuratlarni saytning "Galereya" bo‘limida tomosha qilish mumkin.

Manba: the-uff.com

Top