17:11 / 18.03.2016
4639

Rejissyor: “O‘ylashimcha, Amir Temur roli nihoyat o‘z egasini topdi”

Ijtimoiy tarmoqlarda sport ustasi, aktyor Habibulla Nizomovning Amir Temur qiyofasida tushgan surati tarqalmoqda.

Uning aytishicha, bu suratni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirganidan buyon savollar tinmayapti.

“Kun kelib menga bunday mas'uliyatli vazifani topshirishadi, deb o‘ylamagandim. Albatta, Amir Temur rolini har bir aktyor ijro etishni orzu qiladi. Nozim Abbosov tomonidan menga berilgan taklif kutilmagan bo‘ldi. Ushbu hujjatli filmda ikkita rolni ijro etganman”, deydi Habibulla Nizomov.

“Qalampir” nashrining ma'lum qilishicha, shu kunlarda rejissyor Nozim Abbosov tomonidan Shahrisabz shahrining yubileyi munosabati bilan hujjatli film suratga olinmoqda. Unda Amir Temur rolini sport ustasi Habibulla Nizomov ijro etgan.

Nozim Abbosovning aytishicha, Habibullo Nizomov “Dilor, Dilor, dil va or” filmida rol ijro etgan vaqtda, uning qiyofasida Amir Temur obraziga xos chizgilarni ko‘rgan va vaqt o‘tib, hech qanday “proba”larsiz uni bu rolga taklif qilgan.

“O‘ylashimcha, Amir Temur roli nihoyat o‘z egasini topdi”, deydi rejissyor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, filmni suratga olish ishlari O‘zbekiston Davlat amaliy san'at muzeyida olib borilgan, ssenariy muallifi Mahmud To‘ychiyev hisoblanadi.

Top