17:05 / 21.03.2016
1784

Acura NSX amerikalik avtomobil ishlab chiqaruvchilarning eng qimmatbaho mahsulotiga aylandi

Yaponlarning Acura NSX superkarining ikkinchi avlodi AQSh hududida ishlab chiqarilgan eng qimmatbaho model bo‘ldi. Bu haqda Kelly Blue Book ma'lumotnomalar taqdim etuvchi kompaniya direktori Mett Delorentsoga asoslanib, Bizjournals nashri xabar tarqatgan.

Shu yilning aprelidan Ogayo shtatidagi Merisvill shahrida ishlab chiqarilishi boshlanadigan Acura NSX modeli narxi 156 ming dollardan boshlanadi. Oliymaqom versiyasi esa badavlat xaridorga 205,7 ming dollarga tushadi. Bu orqali «Akura» AQShda ishlab chiqarilgan eng qimmat avtomobil maqomini Dodge Viper superkaridan tortib oladi. Uning boshlang‘ich bahosi 87,9 ming dollarni tashkil etgandi (top varianti ACR narxi esa 118,8 ming dollar).

Yaponiyaliklar konserni 2016 yilda Acura NSX’dan 800 dona ishlab chiqarishni rejalashtirishgan. AQSh bozorida aprel oyi oxirida paydo bo‘ladi, Yevropaga esa kuzda olib kelinadi.

Mett Delorentsoning qayd etishicha, bu avtomobil undan keyinroq taqdim etiladigan Ford GT taqdimotidan keyin ham AQShda ishlab chiqarilgan eng qimmat avtomobil maqomini o‘zida saqlab qoladi. Narxi taxminan 400 ming dollar atrofida bo‘lishi aytilayotgan bu avtomobil Ford konsernining Kanadadagi zavodida yig‘iladi.

Acura NSX 2017 kupesi 3,5 litrli biturbolashgan motorga ega. Turbomotordan tashqari mashinani uch elektrodvigatel harakatga keltiradi, undan ikkitasi old o‘qni aylantiradi. Hammasi bo‘lib Acura NSXda 573 otning kuchi bor. Superkar 3 sekundda 100 km tezlikka erisha oladi, uning maksimal tezligi soatiga 307 km bo‘ladi.

Top