19:47 / 22.03.2016
5335

O‘zMUda dunyoning eng kuchli yuz fizigidan biri faoliyat yuritmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakulteti katta o‘qituvchisi Zokir Kanakov 1978 yil O‘zbekiston Milliy universiteti (o‘sha paytda ToshDU) ni a'lo bahoga bitirib, o‘z ilmiy faoliyatini Fizika texnika instituti va Yadro fizikasi institutida davom ettirgan. Diplom ishini Tomsk politexnika instituti qoshidagi yadro fizikasi institutining elektron tezlatkichlar laboratoriyasida bajargan.

O‘zining pedagogik faoliyati davrida kvant mexanikasi, yadro fizikasi, atom fizikasi, elementar zarralar fizikasi, nurlanishning moddalar bilan ta'sirlashuvi, tezlatkichlar fizikasi va shu kabi fanlardan mashq hamda laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borgan.

Hozirda fizika fakulteti “Yadro va nazariy fizika” kafedrasida o‘z ilmiy tadqiqotlarini olib bormoqdalar. Bugungi kunga qadar ustozning rahbarligida 17 talaba magistrlik dissertatsiyasini, 50 ga yaqin talaba diplom va malakaviy bitiruv ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilishgan. Ularning aksariyati respublikamiz hamda dunyoning ko‘pgina ilmiy markaz va universitetlarida ilmiy pedagogik faoliyat olib borishmoqda.

– Men Zokirjonni talabalik davrimdan bilaman,– deydi “Yadro va nazariy fizika” kafedrasi mudiri o‘rinbosari A'zamjon Rahmatov.– U ilmga chanqoqligi va tirishqoqligi bilan talabalar va ustozlar hurmatini qozongan. Zokirjon o‘z hayotini ilmga baxshida etgan fidoiylardan biri, o‘z faoliyati davomida qator yutuqlarga erishgan. 2008-2011 yillarda Matematik fizika, statistik fizika bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 100 muallifi ro‘yxatiga kirgan. Ilmiy pedagogik faoliyati davomida uning 100ga yaqin ilmiy, uslubiy ishlari va 5ta o‘quv hamda o‘quv uslubiy qo‘llanmalari chop ettilgan.

Ilm ahli tavallud ayyomni qanday nishonlashni bilishadi. Qutlovlar bilan boshlangan yig‘in ilmiy seminarga ulanib ketdi. Fizika matematika fanlari doktori Abdulla Nosirovning “Sintez sverxtyajyolyx elementov poisk ostrova stabilnosti” mavzusidagi ma'ruzasi tinglovchilarga yangidan yangi ma'lumotlarni berdi.

“Nisbiylik nazariyasining 100 yilligi” deb nomlanuvchi ma'ruzada esa Eynshteynning mashhur nisbiylik nazariyasi haqida so‘z ketdi. Olimning hayotidan keltirib o‘tilgan qiziqarli ma'lumotlar barchaga manzur bo‘ldi.

O‘z doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borayotgan Hayot Ismatullayevning “Angarmonik potensialda Boze Eynshteyn kondensati dinamikasi” mavzuidagi ma'ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminar qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Top