11:57 / 23.03.2016
1409

2015 yilda Lotin Amerikasida kambag‘allar soni 175 mln kishigacha ko‘paygan

2015 yilda kambag‘allikda kun ko‘ruvchi Lotin Amerikasi aholisi soni 175 mln gacha oshdi, yoki 2014 yildagiga nisbatan 7 mln ko‘proq odamni tashkil qildi. Bu haqda Lotin Amerikasi va Karib havzasi bo‘yicha iqtisodiyot komissiyasi (EKLAK) hisobotida aytildi. Tashkilot mutaxassislarining baholashicha, ulardan kamida 75 mln nafari juda nochor ahvolda yashamoqda.

"Lotin Amerikasida ko‘proq sifatli ish o‘rinlarini yaratish zarur, bu ish o‘rinlari egalari ijtimoiy himoyadan foydalana olishlari kerak, eng minimal ish haqi ta'minlanishi va ijtimoiy xarajatlar himoya qilinishi kerak", deb aytdi tashkilot ijrochi kotibi Alisiya Barsena. U "ta'lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalaridagi" siyosatga alohida ahamiyat qaratish kerakligini ta'kidlab o‘tdi va bu siyosat "iqtisodiy siklga bog‘liq" bo‘lmasligi kerak.

EKLAK ma'lumotlariga ko‘ra, 2010 yildan 2014 yilgacha Urugvayda kambag‘allar soni eng ko‘p miqdorda, ya'ni 14,9 foizga kamaygan. Undan keyin Peru, Chili va Braziliya kelmoqda, bu davlatlarda kambag‘allar soni mos ravishda 9,8, 9,1 va 7,9 foizga kamaygan. Bu orada Gonduras, Meksika va Venesuelada kambag‘allar soni 2-5 foiz atrofida o‘sgan. Meksikaning ijtimoiy rivojlanish siyosatini baholash milliy kengashi ma'lumotlariga ko‘ra, 2012 yildan 2014 yilgacha mamlakatda nochorlikda yashovchilar soni 53,3 mln dan 55, 3 mln gacha oshgan.

Biroq, ba'zi ekspertlarning aytishicha, Meksikada kambag‘allar soni rasmiy ko‘rsatkichlardan deyarli 2 marta ko‘proqni tashkil qiladi. Vaholanki, Meksikada 122 mln dan ko‘proq odam yashashi hisobga olinsa, bu davlatda kambag‘allarning real ulushi umumiy aholining 84,3 foizini tashkil qiladi.

Top