20:29 / 23.03.2016
14630

Samarqandda Mirzo Ulug‘bekning tavalludining 622 yilligi nishonlandi

22 mart kuni Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek muzeyida temuriy shahzoda, davlat arbobi va olim bo‘lgan Mirzo Ulug‘bekning tavalludiga 622 yil to‘lgani munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Shu kuni arbobning Samarqanddagi haykali poyiga gullar keltirildi. Bu haqda muzey ma'muriyatiga asoslanib, «Gazete.uz» xabar tarqatgan.

Marosimda shahar jamoatchilik arboblari, Samarqand Davlat tabiat muzeyi xodimlari, maktab va litsey o‘quvchilari, kollejlar va oliygohlar talabalari ishtirok etishgan.

Marosimdan keyin ishtirokchilar Mirzo Ulug‘bek muzeyidagi eksponatlar bilan tanishishgan va 15 asrda Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan rasadxona hududida bo‘lishgan.

Muzey vakillari tarixiy siymoning tavallud kuni munosabati bilan «Mirzo Ulug‘bek» multimedik dasturini taqdim etishgan. Dastur o‘z ichiga rus va o‘zbek tillaridagi 30dan ortiq kitobni (Mirzo Ulug‘bek tomonidan yoki unga bag‘ishlab yozilgan), 10ta film hamda muzey bo‘ylab virtual ekskursiya o‘tkazishni ifodalaydigan videoni o‘z ichiga olgan.

Dastur tuzuvchilari Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Ravshan Amirov, Samarqand Davlat universiteti qoshidagi ilmiy-amaliy muzey labaratoriya boshlig‘i Rahim Qayumov va Mirzo Ulug‘bek muzeyi direktori Xonqul Safarov hisoblanishadi.

Ma'lumot: Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay (1394 yil 22 mart, Sultoniya shahri, Eron Ozarbayjoni - 1449 yil 27 oktabr, Samarqand)

Mirzo Ulug‘bek 1394 yilning 22 martida, Amir Temurning Eron va Yaqin Sharqqa qilgan "besh yillik" urushi vaqtida hozirgi Ozarbayjon hududida joylashgan Sultoniya shahrida dunyoga kelgan. Ulug‘bek o‘zbek xalqi tarixida buyuk astronom va matematik, davlat arbobi sifatida iz qoldirgan.

U temuriylar xonadonining farzandi sifatida yoshligidanoq saroy muhitida saroy a'yonlari, olimlar, shoirlar ta'siri ostida tarbiya topadi. Uning ta'lim olishini Amir Temurning o‘zi va buvisi Saroymulkxonim nazorat qilgan.

Yosh Ulug‘bek saroydagi yirik olimlar, xususan Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiydan saboq oladi, qadimgi yunon mutafakkirlarining asarlari bilan tanishadi, tabiatshunoslik, matematika, geometriya, geografiya, kimyo va astronomiyaga oid bilimlarni chuqur egallaydi. Natijada 20 yoshida u o‘z davrining yirik olimlaridan biriga aylanadi.

Mirzo Ulug‘bek 1411 yilda Mavoraunnahr va Turkistonga hokim bo‘lib qoladi. U davlat arbobi sifatida Samarqand, G‘ijduvon va Buxoro shaharlarida ko‘plab madrasalar va masjidlar qurdiradi hamda ilm-fan rivojiga katta e'tibor qaratadi. 1417-1428 yillar davomida uning bosh-qoshligida, Samarqand shahrida rasadxona barpo etiladi. 1428-1438 yillar davomida u rasadxonadagi izlanishlari mahsuli sifatida "Ziji jadidi Kuragoniy" asarini yozadi. Bu asar sayyoralar, Quyosh va Oy harakatini talqin qilish, yulduzlar katalogi va unda qo‘llanilgan matematik usullari bo‘yicha o‘rta asrlardagi astronomik asarlarning eng mukammali bo‘lganligi uchun avvalambor u musulmon mamlakatlaridagi olimlarning diqqatini jalb qilgan.

Amir Temurdan keyingi yirik hukmdor, Mirzo Ulug‘bekning otasi Shohrux Mirzo Movarounnahrda boshqa temuriy shahzodalarga ham mulk ajratgan edi va uning hayotlik chog‘ida shahzodalar o‘z mulklarida hokimlik qilish bilan kifoyalanishadi.

Ulug‘bek o‘z hukmronligi davomida 2 marta yirik harbiy yurish qilgan. Birinchisida 1425 yilt Mo‘g‘uliston xoni Shermuhammad o‘g‘lon (1421-1425) o‘zini mustaqil xon deb e'lon qilganda, Ulug‘bek unga qarshi yurish qilib zafar qozongan. Ulug‘bekning ikkinchi yurishi Sig‘noq shahri tomon bo‘lgan. Sirdaryoning quyi havzasi Ulug‘bek tasarrufida edi. Ulug‘bek 1427 yili Sig‘noq yaqinida uning mulkiga tahdid qilgan Baroq o‘g‘lon bilan to‘qnashgan va mag‘lubiyatga uchragan. Dushman Ulug‘bekni ta'qib qilib, Samarqand ostonalarigacha kelgan. Movarounnahr xavf ostida qolgani tufayli Shohrux Mirzo Xurosondan katta lashkar tortib kelib xavfni bartaraf etadi.

Shohrux vafoti (1447, 12 mart)dan keyin Ulug‘bekning katta o‘g‘li Abdullatif voris sifatida temuriylar taxti hukmdori bo‘lib qoladi. Lekin, Shohrux Mirzoning rafiqasi, malika Gavharshod begim marhumning uchinchi o‘g‘li bo‘lmish Boysung‘ur mirzoning o‘g‘li va suyukli nabirasi Alouddavla Mirzoni o‘tqazadi. Hirot taxtiga Alouddavla o‘tirgani Ulug‘bekka nisbatan isyon sifatida qaraladi va Mirzo Ulug‘bek 1448 yil bahorida o‘g‘li Abdullatif bilan birgalikda 90 minglik qo‘shin bilan Xurosonga kelib, Hirot yaqinida bo‘lgan jangda Alouddavlani tor-mor qiladi. G‘alaba Abdullatifning shaxsiy shijoati va lashkarboshilik iste'dodi tufayli erishilgan bo‘lsa ham, Ulug‘bek fathnomani kichik o‘g‘li Abdulaziz nomidan e'lon qiladi. Undan tashqari, bobosi Shohrux tomonidan Abdullatifga vasiyat qilingan Hirotdagi Ixtiyoriddin qal'asi va uning ichidagi boyliklarini ham Ulug‘bek Abdulazizga beradi. Shundan so‘ng Ulug‘bek bilan Abdullatif o‘rtasidagi munosabat ochiq dushmanlik tusini oladi. Ulug‘bek Samarqandda Abdulazizni qoldirib, lashkar bilan katta o‘g‘liga qarshi jangga yuradi. Abdullatif ham o‘z lashkari bilan Amudaryo yoqasiga kelib turadi. Ikkala lashkar ham daryoning 2 sohilida uzoq muddat turib, suvni kechib o‘tishga botinmaydi. Bu orada Ulug‘bek, "Abdulaziz Mirzo lashkardagi amirlarning oilalarini ta'qib etayotir" degan xabarni eshitib, Samarqandga qaytib kelishga majbur bo‘ladi va shahar aholisining Abdulazizga qarshi isyon ko‘targani guvohi bo‘ladi. Tezda shaharni tartibga keltirib, yana katta o‘g‘li Abdullatifga qarshi jangga yo‘llanadi, lekin Samarqand yaqinida undan mag‘lubiyatga uchraydi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ulug‘bek Abdullatif buyrug‘i bilan qatl etiladi. Uning jasadi Go‘ri Amir maqbarasiga dafn etilgan.

Ulug‘bek Samarqandda 2ta madrasa: biri - Registon ansambli tarkibida va ikkinchisi Go‘ri Amir ansambli tarkibida barpo qilgan. Boshqa yirik olimlar qatorida Ulug‘bekning o‘zi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba ma'ruza o‘qigan.

Ulug‘bekning yana bir matematik asari “Risolai Ulug‘bek” deb ataladi va uning 1-nusxasi Hindistonda Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi, hali o‘rganilmagan.

Ulug‘bekning nomi Yevropada va umuman G‘arb mamlakatlarida buyuk bobosi Amir Temurning shuhrati tufayli ancha ilgari ma'lum bo‘lgan. Yevropadagilar Amir Temur va uning oila a'zolari haqida ilk marta Samarqandga 1403-1405 yillar davomida sayohat qilgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixodan eshitishgan. Klavixoning “Kundaliklar”i 1582 yil Sevilyada va 1607 yilt Parijda nashr etilganidan so‘ng yevropaliklar darhol Amir Temur va uning oila a'zolari bilan qiziqqanlar. Ulug‘bek nomi 17 asr boshidanoq (1601 yildan) Amir Temurga bag‘ishlangan dramatik asarlarda eslatiladi. Bevosita Ulug‘bekka bag‘ishlangan Yevropadagi ilk nashr ingliz astronomi Jon Grivs (1602-1652) qalamiga mansub. Uning 1648 yilda nashr etilgan asarida Ulug‘bek yulduzlar jadvalining bir qismi (98ta yulduz) ilova qilingan. 1665 yil yana bir ingliz olimi Tomas Xayd (1636-1703) Grivs bilan bog‘lanmagan holda “Zij”dagi yulduzlar jadvalini forsiy va lotincha tarjimada nashr etgan. 1690 yil Gdanskda polyak astronomi Yan Geveliy chop ettirgan “Yulduzlar osmonining atlasi”dagi ikkita gravyurada o‘sha davrning mashhur astronomlari orasidan Ulug‘bekka faxrli o‘rin bergan, unda Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Richchioli, Vilgelm IV va o‘zining jadvallari bilan solishtirgan.

1725 yili ingliz astronomi D. Flemetid (1646-1719) Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Vilgelm IV, Yan Geveliy va o‘zining jadvallari bilan birga nashr etgan. 1908-09 yillar V.L. Vyatkin Ulug‘bek rasadxonasining xarobalarini va uning asosiy asbobi - kvadrantini kavlab topgandan so‘ng, Samarqand olimlarining faoliyatiga yangidan qiziqish boshlanadi. Natijada 1918 yil V. V. Bartoldning “Ulug‘bek va uning davri” asari nashr etilgan.

Yaqin yillargacha Ulug‘bek faqat astronom va matematik deb hisoblanardi. Lekin XX asr oxirida uning ijodi serqirra bo‘lib, u tarix, she'riyat va musiqa bobida ham qalam tebratgani aniqlandi. Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarida “Mirzo Ulug‘bek tarixnavis donishmand (va) “To‘rt ulus” (tarixi)ni (ham) yozib qoldirgan edi”, deb yozgan. Ulug‘bekning turkiyda yozgan “Tarixi arba' ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asari Chingizxon bosib olgan mamlakatlarning 13-14 asrlar 1-yarmidagi siyosiy hayotini o‘rganishda muhim manbadir. Navoiyning “Majolis un-nafois” va Abu Tohirxojaning “Samariya” asarlarida ham uning she'rlaridan namunalar keltirilgan. Uning davrida ko‘pgina asarlar arab va fors tilidan eski o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ulug‘bek tashkil etgan boy kutubxonada turli fanlarga oid 15 mingdan ortiq jildli kitob bo‘lgan. Ulug‘bek yoshligidan o‘zga fanlar qatori musiqa ilmidan saboq olib, bir qator kuy va usullar yaratgan, bu sohaga oid 5ta risola ham yozgan. “Risola dar ilmi musiqa” nomli asari musiqa tarixiga bag‘ishlanib, unda “12 maqom bayoni”ga doir maxsus bobi ham bo‘lgan. Ulug‘bek “bulujiy”, “shodiyona”, “axloqiy”, “tabriziy”, “usuli ravon” va “usuli otlig” kuylarini ijod qiladi.

Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi 1994 yilning aprelida Parijda, o‘sha yilning oktabrida Toshkent va Samarqand shaharlarida tantanali ravishda nishonlandi va xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Shu yili Toshkentda Ulug‘bekka haykal o‘rnatildi. Ulug‘bek siymosi Pulkovo rasadxonasi, Moskva universiteti konferens-zallarida dunyodagi mashhur olimlarning portretlari qatoridan joy olgan. Samarqandda Ulug‘bekning memorial muzeyi tashkil etilgan. Toshkentda O‘zbekiston milliy universiteti, tuman, ko‘cha, mahalla, metro bekati, istirohat bog‘i, shaharcha Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Farg‘ona pedagogika universitetiga, Samarqand arxitektura-qurilish institutiga, Kitob xalqaro kenglik stansiyasiga, qishloq, maktab va boshqalarga Ulug‘bek nomi berilgan.

Ulug‘bekning hayoti va faoliyati haqida pesa (M. Shayxzoda, “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi), roman (O. Yoqubov, “Ulug‘bek xazinasi”; S. Borodin, “Samarqand osmonida yulduzlar”), opera (A. Kozlovskiy, “Ulug‘bek”), poema (M. Boboyev, “Ulug‘bek”), balet (M. Bafoyev, “Ulug‘bek burji”), film (Rej. Latif Fayziyev, “Ulug‘bek yulduzi”, 1965) va boshqa yaratilgan.

Top