10:52 / 25.03.2016
2757

Geograf olimdan ilmiy xazina bilan birga do‘stlik va mehr rishtalari qoldi...

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Geologiya va geografiya fakulteti professori, geografiya fanlar doktori, O‘zbekiston geografiya jamiyati raisi Abdusami Soliyev yaqindagina Rossiya Geografiya jamiyatining 170 yilligiga bag‘ishlangan II festivalida ishtirok etib kelgandi.

Taniqli o‘zbek olimini Rossiya Geografiya jamiyati prezidenti Sergey Shoygu shaxsan taklif etgandi.

Festivalning ochilish marosimi Moskva shahrining Markaziy rassomlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan Abdusami Soliyev sohaga oid muammolarni hal etishda dunyo olimlari muntazam hamkorlik qilishi maqsadga muvofiq ekanligi, bu borada O‘zbekiston Milliy universitetida qator loyihalar amalga oshirilayotgani haqida atroflicha ma'lumot berdi.

Bu haqda Abdusami Soliyev shunday degan:
– Bu festivalda men O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi sifatida qatnashdim. Unda Janubiy Afrika Respublikasi, Hindiston, Eron va Slovakiya davlatlari geografiya jamiyatlarining rahbarlari ham ishtirok etdilar. Festival ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Viladimir Putinning anjuman ishtirokchilariga yo‘llangan maktubi o‘qib eshittirildi. So‘ngra Rossiya Geografiya jamiyati Prezidenti Sergey Shoyguning ma'ruzasi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu kuni Moskva Markaziy rassomlar saroyida katta miqyosda tashkil etilgan Rossiya Geografiya jamiyatining 85 ta hududiy bo‘limi ko‘rgazmali, shuningdek, jamiyatning Arktikani o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilayotgan ilmiy ekspeditsiyalari natijalari, maket va fotosuratlari ajoyib qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbek olimining bu festivalda ishtirok etishidan asosiy maqsadlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Geografiya jamiyatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish edi. Bu borada tegishli shartnomalar imzolandi.
Tadbir doirasida Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshidagi Geografiya institutida ham ilmiy anjuman o‘tkazildi. Unda Abdusami Soliyevning O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari asoslab berilgan ilmiy ma'ruzasi anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti Geografiya fakultetida o‘tkazilgan davra suhbatida professor Abdusami Soliyevning “O‘zbekiston Respublikasining yangi iqtisodiy geografiyasi” mavzuidaga ma'ruzasi, ayniqsa, talabalar va ilmiy tadqiqotchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Safar mobaynida o‘zbek olimi Moskva Davlat universiteti Geografiya fakulteti kafedralari faoliyati bilan tanishdi. Mezbonlar taniqli o‘zbek olimiga alohida ehtirom ko‘rsatishib, o‘zlarining yangi o‘quv adabiyotlari, ularning elektron nusxalari, xarita va atlaslaridan in'om etdilar.

O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi Abdusami Soliyev bu borada shunday degandi:
– Bu ilmiy hamkorlik natijasida fakultetimizning magistr va ilmiy tadqiqotchilarining maqolalari Rossiyada bo‘ladigan ilmiy konferensiyalar to‘plamlarida chop etilishi yanada kengroq yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, iqtidorli talabalarni grant asosida Moskva Davlat universiteti Geografiya fakultetiga malaka oshirishga yuborish imkoniyatlari kengaydi.

O‘zMU axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, bu mavzuda www.nuuz.uz saytida yoritilgan maqolani atoqli geograf olim o‘qib mamnun bo‘lgan. Ming afsuski, bu uning o‘zi haqida o‘qigan eng so‘nggi maqolasi bo‘lib qoldi... Beshafqat o‘lim professor Abdusami Soliyevni oramizdan olib ketdi...

Geograf olimdan o‘ziga yarasha ilmiy xazina bilan hayotlik davrida xorijliklar bilan o‘rnatib ketgan do‘stlik va mehr rishtalari qoldi...

Top