22:43 / 25.03.2016
4896

Olimlar antibiotiklar o‘rnini bosuvchi 100 dan ko‘proq viruslarni aniqlashdi

Amerikalik olimlar RNK-saqlovchi bakteriofaglar – hattoki antibiotiklarga barqaror bo‘lgan bakteriyalarga "ov" qiluvchi viruslarning 122 ta yangi turini aniqlashdi. Ushbu tadqiqot PLOS Biology jurnalida chop etildi.

Bakteriofaglar tuproq va okeanlarda, inson organizmida bakteriyalar miqdorini nazorat qiluvchi "yirtqich" viruslardir. Hozirda ma'lum bo‘lgan bakteriofaglarning deyarli barchasi DNK-saqlovchilardir. RKN-saqlovchi bakteriofaglar ularni topish qiyin bo‘lgani uchun olimlar tomonidan kam tadqiq qilingan.

Olimlar RNKli bakteriofaglar DNKli bakteriofaglar ta'siri o‘tmaydigan stafilokokk va streptokokk kabi grammusbat bakteriyalarga ta'sir qila olishini birinchi marotaba ko‘rsatdilar. Ma'lumki, RNKli bakteriofaglar hozirda antibiotiklarga borgan sari barqarorlashib borayotgan grammanfiy bakteriyalarga ham ta'sir qiladi.

"DNK saqlovchi juda ko‘plab bakteriofaglar ma'lum, biroq RNK saqlovchisini topish bu katta omaddir", deb aytdi tadqiqot mualliflaridan biri Devid Van. Olimlar jamoasi ularni okeandan olingan tuproqlar, dengiz jonzotlari, chivinlar, sichqonlar va rezus-makakalardan olingan ma'lumotlarni tahlil qilib topdilar.

Olimlar RNK-saqlovchi bakteriofaglarning ma'lum bo‘lgan bakteriyalarga ta'sirini o‘rganishni davom ettiradilar. Olimlar kelajakda bunday bakteriofaglarni muayyan bakteriyalarga qarshi qo‘ya olishlariga umid qilmoqdalar, bu esa antibiotiklar yordamidan voz kechishga imkon beradi.

Top