19:16 / 25.03.2016
2318

Rossiyaning “Baykal Elektroniks” kompaniyasi yangi protsessor ishlab chiqdi

Ushbu mittigina protsessor atigi 5 Vt energiya iste'mol qiladi va sovutgichsiz ishlay oladi. Protsessorga 3ta Ethernet (2ta Gb. va 1ta 10 Gblik) kontrolleri, 8 Gb gacha operativ ma'lumotni qabul qila oluvchi DDR3-1600 xotira kontrolleri, shuningdek, PCIe Gen.3; SATA 3.0 (6 Gb) va USB 2.0 kontrollerlari o‘rnatilgan. Protsessor 2 yadroli 1.2 GGts to‘lqinda ishlovchi, ichki o‘rnatilgan kesh-xotirasi 1 Mbayt bo‘lgan MIPS 32 r5 P5600 asosida barpo etilgan.

Baikal-T1 samaradorlik ko‘rsatkichi bo‘yicha Intel Atom va zamonaviy smartfonlar protsessorlari bilan bemalol raqobatlasha oladi. U asosan kuchli telekommunikatsiya uskunalari: routerlar, boshqariluvchi kommutatorlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.

«Baykal Elektroniks» kompaniyasi Lenovo bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolagandan so‘ng, Lenovo Baikal-T1 protsessori negizida ishlab chiqarilgan ThinkCentre Tiny-in-one 23 monoblokining ilk namunasini namoyish etishga ham ulgurdi.

Aytish joiz, Baikal-T1 protsessori ancha raqobatbardoshdir. Tannarxi boshqa shu kabi protsessorlarga nisbatan ancha arzon, ya'ni 60 dollar atrofida bo‘lgan bu protsessordan telekommunikatsiya va sanoat uskunalari, dispetcherlik bloklari, avtomatlashtirish hamda boshqaruv tizimlarini ishlab chiqishda foydalansa bo‘ladi. Hozirgi kunda “Baykal Elektroniks” ARM arxitekturasi negizida— stol kompyuterlari, sanoat avtomatik uskunalari va smart kameralar uchun mo‘ljallangan Baikal-M hamda mikroserverlar uchun Baikal-MS protsessorlari ustida ham ishlamoqda.

Top