21:50 / 25.03.2016
1939

Toshkentda “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

2016 yil 24-25 mart kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining yakuniy, respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi saytida xabar berilgan.

20-marta o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rik-tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida jami 7 701 nafar tadbirkorlik sub'yektlari ishtirok etgan, shundan 3 132 nafarini tadbirkor, 2 149 nafarini fermer va 2 410 nafarini hunarmandlar tashkil qilgan.

“Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari joriy yilning 11 martidan 17 martiga qadar o‘tkazilgan. Ushbu bosqichda jami 544 nafar tadbirkorlik sub'yektlari ishtirok etgan bo‘lib, shundan 193 nafari tadbirkor, 159 nafari fermer va 192 nafari hunarmandlardir.

Dastlabki bosqichlarning eng munosib deb topilgan va omadli ishtirokchilari “Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi.

“Tashabbus-2016” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanma olgan jami ishtirokchilar soni 41 nafarni tashkil qilib, shundan 14 nafari tadbirkor, 14 nafari hunarmand hamda 13 nafari fermerlardir. Ishtirokchilarning 6 nafari (14 foiz) ayollardan iborat bo‘lib, qolgan 35 nafari (86 foiz) erkaklardir.

Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari, 3ta asosiy yo‘nalishlarda bellashishadi:

- Yilning eng yaxshi tadbirkori;

- Yilning eng yaxshi fermeri;

- Yilning eng yaxshi hunarmandi.

Shuningdek, faol ishtirokchilarga “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Mening yurtim – mening iftixorim”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Oziq-ovqat sanoatidagi eng yaxshi yil tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng mas'uliyatli ijtimoiy sherik” kabi nominatsiyalarda maxsus mukofotlar berish ko‘zda tutilgan.

2016 yilning 24 mart kuni soat 09:30da Toshkent shahrining “Turkiston” san'at saroyida tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilari mahsulotlari ko‘rgazmasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma 25 mart kuni soat 16.00 gacha davom etdi.

2016 yilning 6 aprel kuni soat 18:00da “Turkiston” san'at saroyida o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirokida “Tashabbus-2016” g‘oliblari va sovrindorlarini aniqlash va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Top