14:44 / 25.03.2016
1589

Videokassetani 14 yil davomida ijara idorasiga qaytarmagan amerikalik hibsga olindi

AQSh politsiyasi Jyeyms Meyyersni qamoqqa oldi. Gap shundaki, u 2002 yilda ijaraga olgan videokassetasini qaytarmagan. Bu haqda Reuters xabar qilmoqda.

37-yoshli Meyyersning aytishicha, u qizini maktabga olib borayotganda, to‘xtash ishorasi buzilgani sabab huquq tartibot xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Uning haydovchilik guvohnomasini o‘rganib chiqqan huquq posbonlari, 2002 yili Meyyersni hibsga olish borasida ko‘rsatma bo‘lganini aytishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, u Shimoliy Karolina shtati Solsberi shahridagi J&J Video ijara xizmatiga 2002 yilda olgan “Yo‘qol sen, Freddi” filmi videokassetasini vaqtida qaytarmagan.

Konkord shahri politsiya departamenti Meyyersning hibsga olinganini tasdiqladi.

Endilikda, Jyeyms ijaraga olingan mulkni qaytarmaganligi bois mahkama oldida javob beradi. Sud bu ishni 27 aprelga tayinlagan.

Meyyers bilan bog‘liq bu voqea jahon OAVi e'tiborini tortdi. Shuningdek, film qahramoni Tom Grin ham xabarga o‘z munosabatini bildirib, voqeaga ishona olmayotganini aytgan.

Top