16:50 / 26.03.2016
1227

OAV: Bryusseldagi teraktlardan so‘ng, Belgiya politsiyasi faqat Whatsapp orqali muloqot qilgan

22 mart kuni Bryusselda sodir etilgan qo‘poruvchiliklardan so‘ng, mamlakat politsiyasi Whatsapp mobil ilovasidan foydalanishga majbur bo‘lgan. Bunga politsiya aloqa tizimining haddan ortiq yuklangani sabab bo‘lgan, deb yozmoqda "Nivsblad" gazetasi.
Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, Belgiya federal politsiyasi bosh komissari Katrin De Bolle Astrid kommunikatsiya tizimining ishdan chiqishi bilan bog‘liq holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga ko‘rsatma bergan.

O‘z ismini oshkor qilmagan politsiya xodimlarining guvohlik berishicha, terakt kuni huquq tartibot idoralarida boshboshdoqlik kuzatilgan. "Buyruqlar yetib kelmas, biz nima qilishni bilmasdik. Mobil aloqa ishlamasdi", — deya politsiya xodimi so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Nivsblad" gazetasi.

Uning aytishicha, huquq idoralari uchun aynan Whatsapp qo‘l kelgan. Favqulodda vaziyatga qaramasdan, mobil ilova ishlashda davom etgan. "Yaxshiyamki, Whatsapp bor ekan. Aks holda biz muloqot qila olmasdik", — deydi tartib posboni.

Gazetaning yozishicha, federal politsiya rasmiy vakili Peter Devale ushbu xabarni sharhlashdan bosh tortar ekan, terakt kuni "hammasi risoladagiday bo‘lmagan"ini tan olgan.

22 mart kungi voqealar yuz bergan ilk soatlarda, mobil operatorlar ishida jiddiy uzilishlar kuzatilgan. Operatorlarning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘sha damlarda aloqaning 60 foizi ishdan chiqqan.

Top