06:52 / 26.03.2016
1468

Rostov-Donda falokatga uchragan samolyot uchuvchilarining oxirgi aytgan so‘zlari ma'lum bo‘ldi

Rostov-Donda 19 martda falokatga uchragan Flydubai aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti bevosita falokatga uchrashidan avval samolyot uchuvchilarining oxirgi aytgan so‘zlari ma'lum bo‘ldi. Samolyotning avtopiloti o‘chirilgandan keyin u keskin pastlashni boshlagan. Uchuvchilardan biri ikkinchisiga "Xavotir qilma, tort!" deb aytgan. So‘ngra audioyozuvdagi oxirgi 6 soniyada qo‘rquvdan juda qattiq hayqiriq ovozi eshitilgan. Bu "Rossiya 1" telekanali ixtiyorida paydo bo‘lgan aiduoyozuv rasshifrovkasidan ma'lum bo‘ldi.

Bu yozuv asosida jurnalistlar samolyot bortida falokat oldidan yuz bergan holatni tasvirlashga harakat qilib ko‘rishdi.

"FlyDubai og‘ir ob-havo sharoitlarida Rostovda birinchi urinishda qo‘nishni amalga oshira olmagach, samolyot sardori 37 yoshli Aristos Sokratus ikkinchi davraga ketishga qaror qiladi. Bu payt avtopilot ishlayotgan bo‘lgan. Soat Grinvich bo‘yicha soat 1 dan 40 daqiqa 60 soniya bo‘lgan.

"50 ga chiqamiz", deb aytadi sardor: bu 1500 metr balandlikka ko‘tarilishni anglatadi. Samolyot 15 gradus burchak ostida ko‘tariladi, bu oddiy ishchi holat. So‘ngra samolyot yuqoriga ko‘tarilib, kuzatuv kameralari nigohi chegarasidan tashqariga chiqib ketadi. Balandlikka ko‘tarilish avtomatik rejimda 40 soniya davom etadi. Sardor kerakli balandlikka yetmasdan avtopilotni o‘chiradi. Buning sababi hozircha noma'lum. Ehtimol sardor buni uchuvchilar tilida aytiladigandek, samolyot "atmosfera qaychilariga", ya'ni turbulentlik holatiga tushib qolgani va samolyot qattiq silkingani sababli qilgan bo‘lishi mumkin. Shu soniyadan boshlab, ya'ni avtopilot o‘chirilgandan keyin Boing pastga sho‘ng‘ishni boshlaydi", deb xabar bermoqda telekanal.  

Mutaxassislarning fikri quyidagicha: uchuvchilar avtopilotni o‘chirgach, samolyotni gorizontal holatga keltirmoqchi bo‘lishgan, biroq shu payt stabilizator sho‘ng‘ish holatida yoqilgan bo‘lgan. Bu rejimda balandlik ruli hech qanday samara bermaydi va samolyot shturvali hech qanday harakatga javob bermay qo‘yadi. Ko‘rinishicha, uchuvchilar samolyotning pastlashiga stabilizator sabab bo‘lganini anglashmagan.

Stabilizator qanday qilib yoqilib qolgani ham noma'lum. Ta'kidlanishicha, u uchuvchilar "knyupel" deb ataydigan tugmani bosish bilan harakatga keltiriladi. Ehtimol, uchuvchilardan biri turbulentlik holatida avtopilotdan qo‘l boshqaruvi rejimiga o‘tayotganda unga bexosdan tegib ketib, buni sezmay qolgan bo‘lishi mumkin.

"Kabinada oxirgi 6 soniyada juda qattiq chinqiriq ovozi eshitilgan", deb ta'kidlab o‘tdi telekanal.

Shundan keyin samolyot katta tezlikda Grinvich bo‘yicha soat 1 dan 41 daqiqa o‘tganda yerga kelib urilgan.

Shu bilan birga telekanalning ta'kidlashicha, falokat sabablari bo‘yicha rasmiy xulosalar tergov natijalariga ko‘ra chiqariladi. 

Top