01:48 / 27.03.2016
7973

Moskvalik milliarderning o‘g‘li to‘yida dunyoning bir qator yulduz xonandalari "xizmat qildi"

26 martda "Russneft" neft kompaniyasi egasi, milliarder Mixail Gutseriyevning kenja o‘g‘li, 28 yoshli Said va uning bo‘lajak rafiqasi 20 yoshli Hadichaning to‘yi "jahon musiqasi yulduzlari yog‘dusiga" aylandi: to‘yga Jyennifer Lopes, Beonse, Sting, Patritsiya Kaas, Elton Jon va Inrike Iglesias kabi yulduzlar tashrif buyurib, nikoh oqshomini o‘z chiqishlari bilan bezashdi. To‘y shu munosabat bilan shoxona bezalgan Moskvadagi "Safisa" restoranida bo‘lib o‘tdi. To‘y vaqtida restoran atrofi huquq-tartibot muassasalari xodimlari bilan o‘rab olindi.

Mixail Gutseriyev (chapda).

Gutseriyevlar oilasi o‘z kenjatoyiga 4 yil davomida umr yo‘ldosh izlagan. Qiz ham kuyov kabi ingush millatidan.

Ta'kidlanishicha, Moskvada anchadan beri bunday hashamatli to‘ylar kuzatilmagan. Kechaga tashrif buyurgan yulduzlarning bunday tadbirlarda ishtirok etishi odatda 5 mln dollar va undan yuqoriroq turadi. Biroq moskvalik promouterlarning aytishicha, hozirda ularning Moskvadagi bunday "xizmatlari" ancha kamroq, ya'ni 1 mln dollardan 1,5 mln dollargacha turadi.

To‘y albatta Rossiya estradasining primadonnasi Alla Pugachyovasiz o‘tmadi. U to‘y yakunlanishiga yaqin keldi va o‘zining mashhur qo‘shiqlari bilan mehmonlarni xushnud qildi. Shuningdek, o‘rtani "Lezginka" milliy raqs ansambli qizdirib turdi.

To‘yda 600 ga yaqin kishi mehmon bo‘lgan. Mehmonlarni Mixail Gutseriyevning shaxsan o‘zi kutib olib, ularni ketayotganlarida sovg‘alar solingan paketlar bilan kuzatgan.

To‘yda mehmonlarga an'anaviy kavkaz taomlaridan tortib, sushi, palov kabi boshqa millatlar taomlari hamda balandligi ikki metrdan ziyodroq, usti islom dini ramzi bo‘lgan yarim oy va yulduz bilan bezalgan to‘y torti tortiq qilindi. 

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, to‘yda shuningdek Ingushetiyaning birinchi prezidenti Ruslan Aushev, amaldagi prezidenti Yunusbek Yevkurov va boshqa ko‘plab taniqli insonlar mehmon bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, kelinning ko‘ylagi Ellie Saab modalar uyida tayyorlangan bo‘lib, Fransiyada maxsus tikilgan. Uning og‘irligi taxminan 25 kilogrammni tashkil qilgan. Odatda bu modalar uyining to‘y liboslari narxi 700 ming rubl turadi, biroq ba'zi taxminlarga ko‘ra, kelindagi libos 1 mln rubllarga aylangan bo‘lishi mumkin.

Gutseriyevlar oilasi 2015 yilda Forbes jurnaliga ko‘ra, Rossiyaning eng badavlat oilalari orasida 1-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili bu oilaning davlati 4,85 mlrd dollarga baholangan.

58 yoshli Mixail Gutseriyev umuman serqirra inson hisoblanadi. U "Russkiy ugol", "Mospromstroy", "Binbank" kompaniyalari, GCM Global Energy Inc. britan kompaniyasi, bir qator radiostansiyalar egasi hisoblanishi bilan birga, Rossiya estradasining ko‘plab vakillari – Stas Mixaylovdan tortib Kristina Orbakayte va Filipp Kirkorovgacha qo‘shiqlar matnini yozib bergan. O‘zi yozgan she'rlar uchun bir necha bor "Yil qo‘shig‘i" (Pesnya goda) musiqiy taqdimotida mukofotlar bilan taqdirlangan. Millati ingush. Bir qizi va bir o‘g‘li bor. To‘ng‘ich o‘g‘li 2007 yilda avtohalokatda halok bo‘lgan.

Top