07:00 / 27.03.2016
1384

Pentagon rahbari ishi bo‘yicha shaxsiy pochtasidan foydalangan

AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter deyarli bir yil davomida ishi bo‘yicha shaxsiy elektron pochtasidan foydalangan, deb xabar berdi Associated Press axborot agentligi.

Bu haqda AQSh mudofaa vazirligi axborot erkinligi qonuni asosida oshkor etgan yuzlab xatlar jurnalistlar qo‘liga tushgandan keyin ma'lum bo‘ldi.

Ma'lum qilinishicha, jurnalistlarning qo‘liga 1336 ta xat tushgan. Ularda maxfiy axborot bo‘lmagan, asosan rejalashtirish va logistika masalalari bayon qilingan.

Ta'kidlanishicha, Pentagon xizmat maqsadlarida shaxsiy pochtadan foydalanishni taqiqlaydi. Karter pochtasidan 2015 yil fevralda o‘z lavozimini bajarishga kirishgandayoq foydalanishni boshlagan. 2015 yil dekabrda uning yordamchisi Karter o‘z pochtasidan xizmat yuzasidan foydalanmay qo‘yganini ma'lum qilgandi.   

Dekabrda The New York Times nashri Pentagon rahbari ishi yuzasidan masasalalarni hal qilishda shaxsiy pochtasidan foydalanganini ma'lum qilgan.

Xillari Klinton ham AQSh Davlat kotibi bo‘lganda ishi bo‘yicha masalalarni hal qilishda o‘z shaxsiy pochtasidan foydalangan edi.

Top