16:18 / 28.03.2016
9330

Dunyo aholisi keksaymoqda...mi?

Bugungi kunda Yer sayyorasida 7 milliarddan ortiq kishi istiqomat qiladi. Aholi soni kun sayin o‘smoqda. Biroq global iqtisodiyot, siyosat va xavfsizlikka aholining son o‘zgarishlari emas, sifat o‘zgarishlari ta'sir ko‘rsatadi.

Yaqin o‘n yillikda jahon xaritasida demografik o‘zgarish kuzatilib, aholi o‘sishining 90 foizi Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning aholisi keksayib bormoqda va shu bilan birga kamayib ketmoqda. Demografik inqiroz nafaqat Yevropada balki, Osiyodagi ayrim mamlakatlarda, jumladan iqtisodiyotning g‘arb modelini tanlagan Janubiy Koreya va Yaponiyada ham kuzatilmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2050 yilda yer yuzi aholisining 22 foizini pensionerlar tashkil qiladi. Har bir soniyada ikki kishi o‘zining 60 yoshini nishonlamoqda. BMT prognozlariga ko‘ra asr o‘rtalariga borib, yer yuzida 100 yoshdan oshgan 3,2 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi. Bugungi kunda ularning soni 300 mingdan oshib ketgan. 2050 yilda aholining o‘rtacha yoshi 76 yoshni, 2100 yilda esa 85 yoshni tashkil qiladi. Bunga sog‘liqni saqlash tizimining yaxshilanishi, iqtisodiy farovonlik sabab bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlarda esa har bir ishlayotgan xodimga bir nafar pensioner to‘g‘ri keladi.

XVIII asr o‘rtalarida Yer yuzi aholisining 20 foizi Yevropada istiqomat qilardi. Sanoat inqilobi yuz bergach, “ko‘hna qit'a” aholisi birdaniga oshib ketdi va Birinchi jahon urushi yillariga kelib to‘rt barobar ko‘paydi. 1913 yilda Yevropa va Shimoliy Amerika aholisi Yer yuzi aholisining 35 foizini tashkil qilardi. O‘shanda Yevropada Xitoy aholisidan ko‘p aholi yashardi. Oradan o‘tgan 100 vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi. XXI asr boshlarida sayyora aholisining atigi 17 foizi AQSh, Kanada va Yevropa mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelardi. 2050 yilga borib bu raqam 12 foizga tushib qolishi aytilmoqda. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda yer yuzida 8,1 milliard kishi istiqomat qiladigan bo‘lsa, asr o‘rtalarida bu raqam 9,6 milliardga yetadi.

Avlodlar davomiyligini ta'minlash maqsadida bir ayolga o‘rtacha 2,1 nafar bola to‘g‘ri kelishi kerak. 2011 yilda bu raqam 1,5 nafarni tashkil qildi. Eng yuqori ko‘rsatkich Irlandiyada (2,02), Fransiyada (1,96) va Buyuk Britaniyada (1,91) qayd qilingan. Qolgan mamlakatlardagi ko‘rsatkich bong urish darajasida past.

Demografik vaziyat Janubiy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida ayanchli ekani aytiladi. Avlodlar davomiyligi bilan bog‘liq ayanchli vaziyat Germaniyada (1,41) ham kuzatilmoqda. Mazkur statistikadan ko‘rinib turibdiki, bir qator Yevropa mamlakatlari xalqlarining kelajagini yorqin deb bo‘lmaydi. Agar tug‘ilish shu darajada davom etadigan bo‘lsa, 40 yildan keyin Yevropa mamlakatlarining aholisi 100 million kishiga kamayadi. 60 yoshdan oshgan fuqorolar soni 47 foizga ko‘payib, mehnatiga yaroqli fuqarolar 24 foizga kamayadi. Bu o‘z navbatida sayyoraning oldingi qatorida turadigan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishiga, sog‘liqni saqlash sohasiga va harbiy qudratiga ta'sir ko‘rsatadi.

Yevropa, AQSh va Kanadaning jahon Yalpi Ichki mahsulotidagi hissasi 2050 yilda 30 foizdan kamayadi. Tahlilchilarning aytishicha, demografik muammolar bilan birgina Yevropa xalqlari to‘qnash kelayotgani yo‘q. Tez orada Janubiy Koreya, Yaponiya, Tayvan, Singapur va hatto Xitoy ham mehnatga yaroqli fuqarolarga muhtojlik sezadi.

Birgina AQSh muammoni bartaraf etishi mumkin. Bu mamlakatda yaqin-yaqingacha bir ayolga 2,4 bola to‘g‘ri kelardi. So‘nggi ikki yilda bu ko‘rsatkich ancha pasaydi. Biroq “okean orti”ga muhojirlarning ko‘plab kelishi bu muammoni hal qilish imkonini beradi.

“Uchinchi dunyo” mamlakatlarida mutlaqo boshqacha vaziyatni kuzatish mumkin. Bu mamlakatlarda har 15 oyda aholi 100 million kishiga ko‘paymoqda. Bugungi kunda 15 yoshdan kichik har 10 nafar bolaning 9 nafari rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. 2050 yilda jahon aholisining 70 foizi kam daromad ko‘radigan 25 mamlakatda istiqomat qiladi. Jahon yoshlarining ko‘pchiligi ish topish qiyin bo‘lgan mamlakatlarda istiqomat qilishi bu davlatlarning qashshoqlashuviga, g‘oyaviy jihatdan radikallashuviga va jahonda yangi “qaynoq nuqta”larning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Qashshoq va aholisi zich bo‘lgan mamlakat xalqlarining taraqqiy etgan davlatlarga ko‘chib ketishi tabiiy holga aylanadi. Muhojirlar Yevropa mamlakatlari oldidagi muammolarni xal qiluvchi yagona omilga aylanadi. Biroq muammoni hal qilishning bu omili ham bir qator muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki muhojirlarning Yevropa jamiyati bilan integratsiyalashuvi muvaffaqiyatsizlika uchramoqda. Bunga muhojirlarning o‘zlarining anana, urf-odat va dinlariga sodiq qolayotgani sabab sifatida ko‘riladi. Biroq Yevropa muhojirlarga oid siyosatidan voz kecha olmaydi. Shu sabab muhojirlarning Yevropaga moslashishi yo‘lida milliardlar emas, balki trillionlab yevro kerak bo‘ladi. Muammoning hal qilinishining ikkinchi yo‘li bu - yevropalik ayollarning ikki va undan ortiq farzand ko‘rishini targ‘ib qilishdan iborat. Ammo buning deyarli imkoni yo‘qligi aytiladi.

Muallif: Sharofiddin To‘laganov

Top