17:55 / 28.03.2016
1677

Yosh tennischi Shahnoza Hatamova O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldi

Farg‘ona olimpiya zaxiralari kollejining birinchi bosqich o‘quvchisi Shahnoza Hatamova yaqinda Toshkent shahrida tennis bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat chemipionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

U keyingi yillarda respublika chempionatlari, shuningdek, Chelenjyer va ITG‘ yo‘nalishlaridagi xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda reyting bo‘yicha mohir tennischilar orasida o‘n beshinchi pog‘onani egallagan.

– Shu oyda mamlakat chempionatining yakkalik bahslarida g‘olib chiqib, O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘ldim, juftlik bahslarida esa kumush medali sovrindoriga aylandim, – deydi Shahnoza Hatamova. – Eng katta orzuim “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi tennis turnirida g‘alaba qozonish. Hozirda shu maqsad sari harakat qilyapman.

– Shahnozada tennisga bo‘lgan qiziqish juda kuchli, har bir mashg‘ulotga jiddiy tayyorgarlik ko‘radi, berilgan ko‘rsatmalarga qat'iy amal qiladi, – deydi uning onasi Iroda Hatamova. – Men uning barcha tayyorgarlik mashg‘ulotlarida va musobaqalarida yonida turib, qo‘llab-quvvatlayman. Opasi Shahzoda ham O‘zbekiston chempioni. Uning muvaffaqiyatlari singlisiga katta ishtiyoq bag‘ishlagan bo‘lsa ajab emas. O‘ylaymanki, qizim o‘ziga yaratilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyishda o‘z hissasini qo‘shadi.
Shahnoza Rossiya, Xitoy, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarida o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. U ayni kunlarda Namangan viloyatida o‘tkazilayotgan ITG‘ yo‘nalishidagi xalqaro musobaqada ishtirok etmoqda.

Top