16:25 / 29.03.2016
1984

O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2018 3-saralash bosqichiga muddatidan avval yo‘l oldi

Bir necha vaqtdan keyin boshlanadigan, JCh-2018 va Osiyo kubogi-2019 saralashi doirasidagi O‘zbekiston va Bahrayn terma jamoalari uchrashuvida qanday natija qayd etilishidan qat'i nazar o‘zbekistonliklar keyingi bosqichga chiqishi oydinlashdi.

Ayni daqiqaga kelib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘tgan turlardagi ochkolari evaziga JCh-2018 saralashining navbatdagi bosqich yo‘llanmasini rasman qo‘lga kiritib bo‘lgan.

"V" guruhidan o‘rin olgan Avstraliya-Iordaniya bahsida mezbonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozondi va iordaniyaliklar keyingi bosqichda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi.

Natijada O‘zbekiston bugun mag‘lubiyatga uchrab, o‘z guruhida 2-o‘rinni egallasa ham nazariy jihatdan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 4ta jamoa safiga kiradi. Ya'ni, 2-o‘rinni egallaydigan jamoalarning kamida 4tasi O‘zbekistondan pastda bo‘ladi.

Shuningdek, Suriya terma jamoasi ham muddatidan avval navbatdagi bosqich yo‘llanmasini hal qilib bo‘lgan. Suriyaliklar ayni pallada Yaponiya bilan safarda o‘ynamoqda.

Eslatib o‘tamiz, JCh–2018 3-saralash bosqichiga 12 aprel kuni qur'a tashlanadi. Unda Osiyoning eng kuchli 12 jamoasi ikki guruhga bo‘lingan holda kurash olib boradi. 

Top