22:58 / 29.03.2016
1584

Samvel Babayan: "Xalqimizni kichik muvaffaqiyat bilan tabriklayman"

O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasidagi o‘yindan keyingi tashkil etilgan matbuot anjumanida Samvel Babayan ishtirok etdi.

"O‘z muxlislarimiz oldida g‘alaba qozonish uchun harakat qildik. Bizga ham raqibga ham g‘alaba kerak edi. Menimcha yomon o‘yin namoyish etmadik. Yigitlar bugun professional ekanliklarini yana bir bor isbotlashdi. Butun xalqimizni kichik g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi g‘alaba bizning emas muxlislarning, mutaxassislar, jurnalistlar va xalqimizning g‘alabasi", - deydi Babayan.

- Andreyev bugun kutilmaganda maydonga tushdi va juda yaxshi o‘ynab berdi. Unga rahmat aytmoqchiman.
- Stanislav Bahrayndagi bahsda ham ajoyib o‘ynagandi. Andreyevning statistikasiga e'tibor qiling, uning oxirgi natijalariga qarang. U oxirgi ikki yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lmoqda.

- Siz 8ta o‘yinda qatnashdingiz va 8ta g‘alabaga erishdingiz. Bu rekord, lekin keyingi bosqichda bittagina xato sizni tanqidlar bo‘roniga tutishini sezib turibsizmi? Sababi g‘alabada do‘stlar ko‘p, mag‘lubiyatda esa...
- Aytganimdek bugungi g‘alaba hammamizniki. Keyingi bosqichdagi 12ta jamoa Osiyoning eng kuchlilari bo‘ladi. Maqsadimiz har bir bahsga alohida tayyorgarlik ko‘rish va g‘alaba qozonish. Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Sergeyevning o‘yinida pasayish kuzatilmoqda. Shunga qo‘shilasizmi? Galiulinning ham o‘yinlarini kuzatib borayapsizmi?
- Igor Sergeyev gol urmagani uchungina o‘yinida pasayish kuzatildi deyish noto‘g‘ri. U bugun katta hajmdagi ishni bajardi. Igor zamonaviy hujumchi. Legionerlar borasida familiyalarga to‘xtalmayman. Hozir tarkibdagi 23 nafar futbolchi ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli futbolchilari. Faqat shuni ayta olaman.

- Jamoamizning kuchsiz tomonlari sizga ko‘rinayaptimi?
- Bu tarkib bilan Jahon chempionatiga chiqishga haqlimiz. Butun jamoa bilan bunga harakat qilmoqda.

- Keyingi bosqichga chiqdik. Sentyabr oyigacha hali vaqt bor. Orada yig‘inlar va o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘ladimi? Agar o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lsa iltimos O‘zbekistonda bo‘lsin.
- Iyun oyida FIFA kunlari bor. O‘shanda o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish bo‘yicha takliflar oldik. Qur'a tashlanganidan keyin raqiblar borasida aniq ma'lumot bo‘ladi.

- Vitaliy Denisovning holati haqida nima deysiz?
- Bugun uning miyasi chayqaldi. Biroq barchasi joyida. U haqiqiy professional futbolchi. So‘zim yakunida barchani yana bir bor g‘alaba va keyingi bosqich bilan tabriklayman. Stadionga kelib bizni qo‘llab turgan muxlislarga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Manba : championat.asia

Top