23:42 / 30.03.2016
2000

Aries – ayollar uchun “aqlli” bilaguzuk

Ringly kompaniyasi jismoniy faollikni nazorat qiluvchi va xabarlarini qabul qiluvchi Aries «aqlli» bilaguzugini namoyish etdi. Bilaguzuk zamonaviy gadjyetdan ko‘ra ko‘proq zargarlik buyumiga o‘xshaydi. Mazkur «fitnes-taqinchoq»ni buyurtma berish yo‘li orqali 195 dollarga sotib olish mumkin.

Xaridorlar ikki xil (S/M yoki M/L) hajmdagi bilaguzukni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, uning to‘rt turdagi yarim qimmatbaho toshlar – labradorit, kvars billur, kamalakli oq morita va lojuvard bilan bezalgan ko‘rinishlari ham mavjud. Bu yangilikka birinchi bo‘lib buyurtma bergan ming nafar xaridorga esa kompaniya Aries’ga haqiqiy olmos o‘rnatib beradi.

Bilaguzuk qadamlarni, bosib o‘tilgan masofalarni (hattoki, baland poshnalarda ham) va ishlatilingan kaloriyalarni hisoblash qobiliyatiga ega. Shuningdek, u o‘z egasini smartfonlarga kelgan yangi xabarlardan ogoh etadi. Aries taqinchog‘i Bumble, Slack, Snapchat, Uber, oddiy smslar va boshqa yuzga yaqin dasturlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilma 4 soat ichida to‘liq quvvat olib bo‘ladi, bir marta olingan quvvati esa 24-28 soatga yetadi, deb qayd qildi Ringly kompaniyasi. Aries yoz oyidan sotuvga chiqariladi.

2014 yilda Ringly ayollar uchun smartfonlarga kelgan xabarlardan ogoh etuvchi smart-uzukni taqdim etgan edi. U barmoqlarni qimirlatish va rangli diodlarni miltillatish orqali egasiga signal beradi.

Top