21:23 / 30.03.2016
1540

Avstraliyalik Tesla Model 3 avtomobili xarid qilish uchun savdolardan ikki kun avval navbatga turdi

Sidneyda yashovchi Andreas Stivens Tesla kompaniyasining yangi modeli – Model 3 elektromobilini xarid qilish maqsadida savdolar boshlanishidan ikki kun avval u uchun navbatga turdi. Bu model ushbu markaning modellar qatoridagi eng arzon model bo‘ladi. Erkak bu mashinani internet orqali ham sotib olishi mumkin edi, biroq u mashinani shaxsan o‘zi dilerlik punktida xarid qilmoqchi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Mashable portali.

Stivens "Tesla" saloniga 29 martda ertalabdan keldi. Mashinaning oflayn-savdolari 31 martda boshlanadi, unga 1 apreldan internet orqali buyurtma berish mumkin bo‘ladi. Stivensning aytishicha, u Model 3’ning ilk xaridorlaridan bo‘lishni istagani uchun navbatga turgan. U navbatga o‘zi bilan yig‘iluvchi stul, ryukzak va Ilon Mask haqidagi "Elon Musk: Tesla, SpaceX, and the Quest for a Fantastic Future" (Ilon Mask: Tesla, SpaceX va fantastik kelajakka sayohat) deb nomlangan kitobni olgan.

Erkakning aytishicha, u avtomobillar ixlosmandi bo‘lmay, 22 yillik Toyota Corolla’da yuradi. U Tesla markasi bilan uning o‘g‘li kompaniyaning rahbari Ilon Mask haqida tinmay gapiravergandan keyin qiziqib qolgan. Bundan tashqari, Stivens elektromobilni boshqarish qanday bo‘lishini bilishni orzu qilgan.

Stivensning aytishicha, avtosalon xodimlari unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishgan hamda Tesla Model S modelida yurib ko‘rishga ijozat ham berishgan.

Stivensni Model 3 narxi hali rasman e'lon qilinmagani ham o‘z istagidan qaytarmagan: mashina narxi premera kuni oshkor qilinadi. Mashina AQShda 30 mingga yaqin turishi taxmin qilinmoqda. Stivens, Avstraliyada mashina uchun 78 ming dan 91 minggacha avstraliya dollari (60 ming dan 70 minggacha AQSh dollari) to‘lashga to‘g‘ri kelishini taxmin qilmoqda.

Model 3 tashqi ko‘rinishi ham sir tutilmoqda. Mart o‘rtasida Tesla yangi modelning "sharpasi" aks etgan tizerni namoyish qilgandi.

Top