16:08 / 30.03.2016
2669

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida yangi tahrirdagi Bojxona kodeksini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i G‘.Nosirov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida milliy iqtisodiyotimizda o‘rni tobora ortib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga keng sharoit va qulayliklar yaratilayotganini, sohaning qonunchilik bazasi takomillashtirilayotganini, yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining o‘ziga xos jihatlarini alohida ta'kidladi.

Ushbu hujjat bojxona ishining yagona qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga mos ravishda shakllantirish, huquqiy norma va yondashuvlarning bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Mamlakatimizda eksportchi sub'yektlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanib, ularga bojxona imtiyozlari berilgan. Bundan har yili tashqi bozorga ko‘plab qurilishbop gipsokarton jo‘natadigan korxonamiz ham katta foyda ko‘rayotir, – deydi “Knauf gips Buxoro” korxonasi eksport-import masalalari bo‘yicha mutaxassisi G‘.Nutfullayev. – Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari muddatini qisqartirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishning huquqiy asoslari tartibi belgilangani ham vaqtni tejaydi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, bevosita korxonadan turib eksportni elektron deklaratsiya orqali rasmiylashtirish imkoniyatiga egamiz.

Top