19:46 / 30.03.2016
1647

Ipoteka g‘avg‘osi: millionlarga kuyib qolgan ayol

Uy-joy olish uchun ishxonasi ipoteka krediti ajratilishida yordam berishi haqidagi xabarni eshitganida Oygur Normurodova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) uy olgan kishidek xursand bo‘ldi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Shu o‘y bilan Oygul nafaqadagi dugonasi Qunduz Pirmatova bilan maslahatlashish maqsadida uchrashdi. Dugonasi “Lavitta” restorani oldida joylashgan ko‘p qavatli uyda sotiladigan xonadonni borib ko‘rishga rozi bo‘lgach, dugonalar reklamada aytilgan manzilga borib uyni ko‘rishadi.

Bu masalada Oygulga o‘zini Jamshid deb tanishtirgan bir yigit yordam qilmoqchi bo‘ladi. Ayol bunga rozi bo‘ladi. “To‘qimachi” bozori atrofida joylashgan ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanadigan Mixail ismli kishi bilan tanishtirganida ham Oygulni ko‘nglida bu yigit aldab ketsachi, degan fikr paydo bo‘lmadi.

2012 yilda Jamshid ipoteka krediti olib beraman deb ayoldan 40 mln so‘m oladi. 2013 yil 12 fevral kuni firibgar yigit yana o‘n million so‘mni Oygulning onasidan olib ketadi.

2013 yil 15 fevral kuni hojatbaror yigit Rossiya Federatsiyasiga ketgani, uni kimdir 120 million so‘mga tushirgani haqidagi xabar Oygul Normurodovani hushyor torttiradi. Firibgar tuzog‘iga tushgan ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etadi.

Jamshid Yuldashevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Qidiruv harakatlari natijasida J.Yuldashev Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamkorligida ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadi.

Sud hukmi bilan J.Yuldashev Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, 4 yil-u 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi va yetkazilgan zararlarni to‘liq to‘lash majburiyati ham yuklatildi.

Top